O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adib Sa’dulla Ahmadning “Ishroq” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda ijodkorlar, adabiyot ixlosmandlari, yoshlar ishtirok etdi. Tadbirni uyushma raisi o‘rinbosari, ustoz ijodkor Farida Afro‘z so‘z san’atiga qaratilayotgan e’tibor yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishda, kitobxonlikni rivojlantirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
Kechada Sa’dulla Ahmad ijodi, uning milliy adabiyotimizdagi o‘rni, uning yaqinda chop etilgan kitobi xususida batafsil so‘z yuritildi.
Sa’dulla Ahmad 1947-yil 24-fevralda Samarqand viloyatining Narpay tumani Oqtosh shaharchasida tug‘ilgan. U Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
Ijodkorning “Alvasti” (1968) lirik doston, “Oxun yakkakord” (1973) tragediya, “Ishchi yurakcham”, “Ibtido” (1982), “Iztirob” (1990) she’riy kitoblari, adabiyotshunoslik va san’atshunoslikka oid, xususan, teatr san’atiga doir “Shoh Edip” (1989) nomli kitoblari chop etilgan. Vilyam Shekspirning “Makbet”, Pushkinning “Mosart va Saleri” tragediyalarini, Konfutsiy hikmatlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
U o‘zbek adabiyotining eng kamtarin, ammo xazinasi boy siymolaridan biri sifatida ta’riflanadi. Sa’dulla Ahmad tarixni, mumtoz adabiyot mohiyatini jahon adabiyotini, o‘zbek adabiyotini yaxshi biladigan donishmand shaxs edi.
Shoir adabiyot dunyosida o‘ziga xos "xazina qidiruvchi" edi. U shon-sharaf ketidan quvmay, sadoqat va haqiqatparastlikni hamma narsadan ustun qo‘ydi. Uning “Edip” badiasi va boshqa asarlari o‘quvchini hayotning teran qatlamlari haqida chuqur mushohada yuritishga chorlaydi.
“Ishroq” to‘plami shoirning 20, 30, hatto 40 yil davomida ko‘ngli tubida asrab kelgan sirlarining ifodasidir. Har bir misrada inson va osmon o‘rtasidagi sirli munosabatlar, haqiqat izlovi aks etgan.
“Ishroq” bu shunchaki kitob emas, balki qalbning "porlab yonish" (ishroq) jarayonidir. Shoir o‘z asarlari orqali o‘quvchiga “Ilm olsa yosh-u qari bir boshdan, xalqim boshda tojing bo‘lar quyoshdan”, deya umidbaxsh xitob qiladi. Bu to‘plamni o‘qigan inson shoirning vaqt va makonni yengib o‘tgan o‘lmas ruhi bilan yuzlashadi.
Mazkur kitob 2024-yilda "Qamar media" nashriyotida chop etilgan. Unga Muhammad Sobir muharrirlik qilgan. To‘plamga adibning 300 dan ortiq she’ri kiritilgan.
Ma’rifiy anjumanda Sa’dulla Ahmadning hayoti, uning ijodi haqida batafsil so‘z yuritildi.
She’rlaridan parchalar o‘qildi. Yig‘ilganlarga muallifning “Ishroq” kitobi tuhfa etildi.
N.Usmonova, O‘zA