Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishqning makoni fano, manzili baqodir
13:42 / 2021-02-10

Alisher Navoiy siymosi va ijodi dunyo adabiyotida o‘ziga xos bir betakror hodisa sifatida bo‘y ko‘rsatdi. U nafaqat o‘zigacha bo‘lgan sharqona adabiyot an’analarini yuksak nuqtaga ko‘tardi, balki o‘zidan keyingi davrlar adabiy-estetik qarashlari taraqqiyoti uchun ham mustahkam poydevor yaratdi va ilhombaxsh manba bo‘lib xizmat qildi.

Mutafakkir ijodisiz jahon, xususan, o‘zbek badiiy tafakkurining bugungi qiyofasini ham tasavvur etib bo‘lmaydi. U qaysi janr yoki mavzuda asar yaratmasin, shu adabiy hodisaning mumtoz namunasini yaratib berdi. Ayniqsa, g‘azaliyot sohasida butun bir xalq ma’naviy merosi bo‘la oladigan darajadagi xazinani vujudga keltirdi.  

Misol uchun, Hazrat Alisher Navoiy qalamiga mansub “istangiz” radifli g‘azalini oladigan bo‘lsak, u bu janrning shakliy-mazmuniy jihatlardan ham, g‘oyaviy-badiiy jihatlardan ham xuddi shunday yuksak namunalardan hisoblanadi. G‘azal hajman yetti bayt, o‘n to‘rt misradan tashkil topgan bo‘lib, bu shakl Sharq mumtoz adabiyotida g‘azalnavislikning  klassik ko‘rinishi sanaladi. U g‘azalchilikning an’anaviy qofiyalanish tizimida bitilgan bo‘lib, aruzning ramali musammani maxzuf (foilotun, foilotun, foilotun, foilun)  vaznida yozilgandir.  

Asar  “Badoye ul-vasat” devonidan o‘rin olgan, zohiran majoziy ishq mavzusida bahs yuritayotgandek tasavvur beradi. Unda qo‘llanilgan hajr, ko‘ngil, vafo, zulf  so‘z-tushunchalari ham ayni mavzuga mutanosiblik kasb etadi. Unda Sharq xalqlari badiiy olamida ishq matlabi afsonasiga aylangan Vomiq, Farhod, Majnun obrazlarining esga olib o‘tilganligi ham buni tasdiqlaydi.  

Shu o‘rinda aytish kerak, Farhod, Majnun mavzulari mumtoz adabiyot uchun ham, zamonaviy san’at tuyg‘ulari uchun ham nihoyatda ommalashganligi, Alisher Navoiy ushbu mavzuni yangi bosqichlarda talqin etganligi ham ma’lumdir. Biroq to‘liq matnda yetib kelmagan Vomiq (Vomiq va Uzro) sarguzashti asos yaratilgan obraz-timsolning Alisher Navoiy va umuman mumtoz she’riyatda bu qadar sermahsul ramz-majoz timsoli bo‘lib kelishi va ko‘pincha “oshiqlar sardori” (Alisher Navoiy she’riyatida “Vomiqu Farhodu Majnun” tarzida Vomiq birinchi o‘rinda qo‘llanilishi nazarda tutilayapti) sifatida talqin etilishi e’tiborni tortadi. Shu nuqtai nazardan, fikrimizcha, obraz-timsol ifodasini belgilashda lirik talqinlar muhim o‘rin tutishini ham inobatga olish kerak. Shunga ko‘ra, Vomiq obrazida qanday badiiy maqsad ifoda etilishini lirik talqindan taxmin qilish mumkin bo‘ladi.  

Misol uchun, Alisher Navoiy lirik talqinida Vomiq ishq-muhabbat, hajr va dard masalalariga ramz bo‘lib keladi. Bu “Vomiq va Uzro” qissasi ifoda etgan voqelikka ham ishora etadi.

Ikkinchi tomondan esa g‘azal mazmunida  butun bir irfoniy-falsafiy manzara ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladiki, bu endi asarning botiniy dunyosi bilan bog‘liqdir. Bunday o‘rinlarda Vomiq, Farhod, Majnun yoki boshqa obrazlar ham badiiy-ramziy timsolga aylanadi va g‘azaldagi har bir so‘z, ifoda ma’rifiy ma’noda o‘zaro ichki bir uyg‘unlik bilan bog‘lanib ketadi, shakliy vositalar  mazmuniy yaxlitlik izchilligini ta’minlaydi. Ayniqsa, u mashhur hofiz Sherali Jo‘rayev ijrosida kuylanganda adabiyot va musiqa  monologini yuzaga keltiradi.  

 Istaganlar bizni sahroi baloda istangiz,

 Vodiyi hijron ila dashti fanoda istangiz.

Ko‘rinadiki, bayt boshi va oxirida bitta so‘zning takror kelishi ajib mumtoz badiiy san’atni ham vujudga keltirgan. An’anaviy ishqiy-irfoniy asarlar singari bu g‘azalda ham lirik qahramon – oshiqdir. U o‘zini istaganlar  “balo sahrosi”, “hijron vodiysi”, “fano dashti”da istashini istaydi. Bu obrazli birikmalarning o‘zi chuqur ma’noga egadir. Oshiq qismati va asar badiiyati ular talqini bilan vobasta tasvirlangan. Bir jihatdan olib qaralganda, bu tushunchalar  mavjud hayotni, ya’ni dunyoni  anglatadi. Ammo ijodkor har bir holatda o‘zga bir muazzamlik, o‘zga bir hayrat va mazmunni aks ettirib beradi.

Balo sahrosi  –  g‘am-alam, ofat dunyosi. Hijron vodiysi – ayriliq olami, ya’ni visolning ziddidir. Fano dashti – kulfat, azob-uqubat, mashaqqat dunyosi. Birikma hosil qilinishida mavhumlik (balo, hijron, fano) va aniqlik (sahro, vodiy, dasht) qo‘shilib, yangi bir ma’rifiy mazmunni yuzaga chiqaradi. Har uchala tushuncha zamirida oshiq yoki ishq ahli qismati mujassam etilgandir. Ishq yo‘lidagi  sabot ko‘ngilda baloyu ofat,  hajru ayriliq va azobu uqubatni  kechirishini “azal kotiblari”  qismat qilib bergan. Asli mohiyatda esa balo, hijron, alam foniylik alomatlari bo‘lib, boqiy xurramlik, vasl va shodiyonalikka asosdir. Payg‘ambar alayhissalom hazrati Rasulullohning: “Haqiqatda balolarning eng kattasi payg‘ambarlarga tushadi, ulardan keyin avliyolarga, undan keyin keyingilarga va undan keyin shu tartibda…” -  degan  hadislari ayni masala mohiyatiga  daxldorlik kasb etadi. Ko‘rinadiki, g‘azaldagi tasvir qismat haqidagi qadim ma’rifiy qarashlar bilan tutashib ketadi. Zero, shoir ta’kidlagan “Azal kotiblari ushshoq ahli taqdirin qaro yozmishdir”dagi “ushshoq ahli” tushunchasini hadisda zikr etilgan “xos”lar kechmishi badiiy talqini deb anglash mumkin. Ijodkor  g‘azalning  ikkinchi baytida o‘z fikrlarini davom ettirib,  bu obrazli  birikmalarni (balo sahrosi, hijron vodiysi, fano dashti)  timsollashtiradi.

 Vomiq-u  Farhod-u  Majnundeklar ul vodiy aro,

 Bo‘lsalar paydo, meni  ham  ul  aroda  istangiz.

U vodiylarda  Vomiq, Farhod, Majnunlar paydo bo‘lsalar, meni ham ularning orasida istanglar. Ya’ni, sahro balosi – Vomiq,  hijron vodiysi – Farhod, fano dashti – Majnun afsonalariga qiyosan olinadi. Bu qahramonlar siyratida Uzro, Shirin, Layli vositasida ishq qismatlari bitilgan. Ularga intilish taqdiri bu vodiylararo mashaqqatlar alamini  qazo etgan. Yoki ular qismatining  fojiaviy yakuni dunyosini alam, hijron va kulfat sahrosiga aylantirgan. Keyingi baytda makon (sahro, vodiy, dasht)  va  timsol (Vomiq, Farhod, Majnun)lar  tasviri o‘rnida ularga ishora etuvchi fikr bayon etiladi.  

 Yuz alarning  ishqicha  dard-u  balovu  g‘ussag‘a,

 Tolib el boshig‘a  kelgan mojaroda istangiz.

G‘azalning endigi baytida  fikrni bu uchlik tasviriga monand ravishda dard, balo, g‘ussa talqini davom ettiradi.  Tasvir  mobaynida  “tolib el” (talab ahli) tushunchasi  aks ettiriladi. Bu “xayl”ning o‘zi ham nihoyatda chuqur mazmun va jozibali taqdirdir. Talab ahlining boshiga tushgan va ularning (Vomiq, Farhod, Majnun kabi dard ahllari) ishqdagi yuz dard, balo, g‘ussalaridan ham ziyodaroq mojarolarida istang. Tolib, talab  o‘zakdosh so‘zlar bo‘lib, matlubdan murod istovchilarga ishoradir. Bu o‘rinda “oshiq” jamoa tarzida “ishq ahli” deyilganidek, “el” toifa, guruh ma’nosida tolibning ko‘plikdagi  “talab ahli”ni anglatadi. Baytda  oldingi misralarda qayd etilgan tushuncha va timsollar mazmunan “tolib el” obrazli birikmasida jamlanadi. Bunda ijodkor oshiq dardini muqoyasa qilishda  butunlikga intiladi. Garchi oshiq va tolib murodga intilishda umumlikka ega bo‘lsa-da, talab kengroq ma’noga egadir. Shu bois keyingi baytda fikr ko‘lami yanada kengaytiriladi, quyuqlashadi, ishq ahli  dardi chuqurlashadi:

 Eyki,  istarsiz “savodul vajh fid-dorayin” din,

 Boxabar bo‘lmoq  meni  yuzi  qaroda  istangiz.

Agar “savodul vajh fid-dorayin”dan xabardor bo‘lmoqni istasangiz, meni ham u yuzi qarolikda istanglar. Iqtibosda  savod – qora, qorong‘ulik, savodul vajd – yuzi qarolik, savodul vajd fid-dorayin – ikki dunyoda yuzi qarolik ma’nosini bildiradi. Xo‘sh, bu darajada malomatning boisi nimada? Oshiq holati aytilgan vodiylar sifati va timsollar qismatiga mengzaladi va hatto ulardan ham yuz chandon ortiqdir. Bu o‘rinda ishq ahli va talab ahli dardlari qiyosan olib boriladi. Ikkinchi bir jihatdan bayt tasvirning yuqori darajadagi qiyosini ham ko‘rsatib beradi. Keyingi  misralarda ishq yo‘lidagi ko‘ngil, zulf timsoli muhib va mahbub vazifasida jonlantiriladi, ayb ko‘ngilga qo‘yiladi:

 Ko‘nglim ul zulf ichradur, zinhor ishqim sharhini,

 Istamang men telbada, ul mubtaloda istangiz.

Ko‘ngil – qalb, dil ma’nosida ham keladi. Mumtoz falsafaga ko‘ra, u ishqu muhabbat va nozik sirlar mazhari, irfoniy ma’noda Haq jamolini ko‘rsatadigan ko‘zgudir. Zulf  ba’zan ilohiy sirlar olamini, ba’zan bashariy hollar zulumotini  anglatadi va har ikkala vaziyatda ham ko‘ngilga mushkulot tug‘diradi. Biriga erishish istagi, biridan ozod bo‘lish mayli ko‘ngilga zaxm beradi. Shu bois lirik qahramon  o‘z holini “ko‘nglim o‘sha zulfdadir. Ishq sharhini men telbadan istamang. Uni, ya’ni ishq izohini  o‘sha zulfga mubtalo bo‘lgan ko‘ngildan istanglar” deb izohlaydi. Bayt mazmuni shoirning boshqa bir g‘azalidagi “ixtiyor bo‘lsaydi yor tarki yor etmasmidim” misrasiga hamohanglik kasb etadi. Demak, oshiq chekkan dardlar, boshiga tushgan balolar va “g‘ussa chang”larining  sababi ma’shuqaga bo‘lgan muhabbat tufayli ekan. Bu ishqning sababchisi oshiq emas, ko‘ngilning  zulfga oshuftaligidan ekan. Shu bois oshiq ishq sharhini o‘zidan emas, balki ko‘ngildan so‘rashni ta’kidlaydi. Mumtoz adabiyotda ishqni tamsil etuvchi minglab taqqoslar  tasvir etilsa-da, uni yaqqol dalillovchi sharhning o‘zi mavjud emasdir. Lirik qahramon – oshiq ham zulfga giriftor bo‘lgan ko‘ngildir. Shu bois u ishq sharhini undan so‘rang deb ixtiyorni ko‘ngilga havola etmoqda:

  Nukta yanglig‘kim, vafo uzra qilur kotib raqam,

  Ishq  o‘tining  dog‘ini  ahli vafoda  istangiz.    

G‘azalning navbatdagi baytida “ishq ahli”, “talab ahli” tushunchalariga  “vafo ahli” birikmasi talqini ham qo‘shiladi. Tafsirlarga binoan ishq va talab yo‘l bo‘lsa, vafo bu yo‘llar  sabotidir. “Ahli”dagi “i” egalik qo‘shimchasi bo‘lib, “ahl” so‘zi aholi, ahillik  so‘zlariga o‘zakdosh sanaladi va ishq, talab, vafo  so‘zlariga qo‘shilib jamoani bildiradi. Aslida ishq-talab-vafo ahliga timsollar ham o‘sha Vomiq, Farhod, Majnunlardir. G‘azalda timsol, obraz va boshqa rangin tushunchalar ham shunga qaratiladi. Bayt mazmuni ham shunga xos bo‘lib, unda “kotibning vafo bobida o‘ta nozik va hikmatli so‘zlar bitishini, ishq o‘tidan, alangasidan qolgan dog‘ni esa faqat vafo ahlidan istash” lozimligi uqtiriladi. Bu o‘rinda vafo “ishq dog‘i” sadosini bermoqda. Kotib, ya’ni ishq sharhini yozuvchi, uni (ishq sharhini) qanchalik  nazokat bilan raqam qilmasin, baribir  ko‘ngil  kuyugini ahli vafodek ifoda eta bilmaydi. Shu tariqa maqta’da ishq ahli makoni aniqlashtiriladi. Unga adam dashti yoki fano mulkidan joy ajratiladi:  

  Og‘zi shavqidin Navoiy itti, oni istar  el,

  Yo Adam dashtida, yo Mulki fanoda istangiz.

Baytdagi shavq so‘zining ma’nosi kuchli orzu-istak, havas, intilish, o‘rtanish demakdir. Shundan “og‘zi shavqidan” iborasi ilhom ma’nosida ham keladi.  Bunda ilhomning botiniy mazmuni  ilohiy fayz yo‘li bilan qalbda paydo bo‘ladigan ma’no yoki haqiqatlar olamini anglatadi. Shoir ilhom bois ishq ahlini adam dashti yoki fano mulkidan istang deb aytadi. Buni ahli ishqning o‘zlari ham istaydilar. Adam dashti va fano mulki talqinda yo‘qlik olami bo‘lsa-da, ishq va oshiqlik matlabida chuqur mohiyat kasb etadi. Shular tufayli oshiq tuyg‘ulari tamkin topadi. Maqsad va murod ishq ahlini adam dashti va fano mulkida istashlikdir. Zero, Vomiq, Farhod va Majnun ham oxir-oqibat adam mulkida boqiy ishqqa erishadilar.  

Xullas, shoir ta’kidlaganidek, haqiqiy ishqning makoni fano mulki bo‘lsa, manzili baqo dashtidir. Bu g‘ayrat yo‘lidagi barcha sitamlar, dardu balolar o‘tkinchi, faqatgina komil ishq zavqi esa abadiydir. Shu bois Alisher Navoiy o‘zining epik talqinlarida ham, lirik tasvirlarida ham doimo boqiy ishq manzaralarini aks ettiradi. Bu esa o‘z navbatida she’rga ham, shoirga ham mangulik bag‘ishlaydi.  

 

Shavkat HASANOV,

Usmon QOBILOV,  

SamDU professorlari