O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Samarqand viloyat kengashida “Ishonch” - "Ishonch-doveriye” gazetalari kunlari doirasida tahririyat ijodiy jamoasi samarqandlik gazetxonalar bilan uchrashdi.
Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Samarqand viloyat kengashi raisi Suhrob Rafiqov, “Ishonch” - "Ishonch-doveriye” gazetalari tahririyatlari bo‘lim boshliqlari Zebo Namozova hamda Shoira Yo‘ldosheva gazetalar faoliyati, tizim samaradorligini oshirishdagi o‘rni, soha xodimlari o‘rtasida ilg‘or tajribalarni ommalashtirishdagi ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritishdi.
—Gazeta mutolaasi har bir sohada muhim o‘rin tutadi, —dedi viloyat kengashi raisi Suhrob Rafiqov. – To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqlar tezkorlik borasida bugun bosma nashrlarni ortda qoldirmoqda. Ammo yangiliklar, voqea-hodisalar, ayniqsa, yangi qabul qilingan qonun hujjatlarining tahlili gazetalar orqali batafsil, tushunarli tarzda keng ommaga yetkaziladi. Shu boisdan, bugun gazetalar o‘rni har qachongidan muhimroq, deb o‘ylayman. Aynan “Ishonch” - "Ishonch-doveriye” gazetalari faoliyatiga to‘xtaladigan bo‘lsam, bugungi shiddatli zamonda yangiliklarni batafsil yoritish, qonun hujjatlarini tahliliy tushuntirish hamda jamiyatdagi xato-kamchiliklarni ro‘y-rost omma e’tiboriga olib chiqishda birinchilar qatorida bormoqda. Xalqaro hayotdagi muhim yangiliklar ham gazeta sahifalaridan joy olayotganligi har qanday o‘quvchi e’tiborini tortadi. Shu jihatdan gazeta bugun har bir xodimning doimiy hamrohi bo‘lishi kerak. Chunki, unda bizning samarali va xavfsiz faoliyat yuritishimiz asoslari keng yoritiladi.
[gallery-25697]
Uchrashuv davomida gazetxonlar tomonidan tahririyat faoliyati samaradorligini oshirish, gazeta sahifalarini boyitish borasida qator takliflar, jumladan,yangi ruknlar tashkil etish yuzasidan fikrlar bildirildi.
Tadbir yakunida “Ishonch” - "Ishonch-doveriye” gazetalari faoliyati haqidagi viktorinada faol qatnashgan ishtirokchilar hamda gazetaga obuna uyushtirishdagi faolligi uchun bir guruh tizim xodimlari tahririyatning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),O‘zA