Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishonchni oqlash yoshlar uchun sharafdir
18:22 / 2026-03-06

Mamlakatimizda keyingi yillarda ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar, ayniqsa, yosh olimalar safi, ular erishayotgan yutuqlar salmog‘i yil sayin ortib bormoqda. Yangi O‘zbekistonda yosh olimalarning bilim olishi, ilmiy salohiyatini yuksaltirishi, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilgan.

Andijon davlat chet tillari instituti “Ta’limda boshqaruv” ixtisosligi tayanch doktoranti Saidabonu Abdusalomova ana shunday imkoniyatlardan samarali foydalanib, yuqori natijalarga erishayotgan yosh olimalardan. 

Bolaligidan ilmga chanqoq, tashabbuskorligi, jamoat ishlaridagi faolligi, ta’lim yo‘nalishidagi qator izlanishlari bilan ustozlari, keng jamoatchilik e’tiborini qozongan Saidabonu 2013-yilda “Ta’lim” yo‘nalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘lib, yurtimizning eng iqtidorli qizlar safidan o‘rin olgan. 

U maktabni tamomlagach, Andijon davlat universitetining xorijiy tillar fakulteti ingliz tili yo‘nalishida tahsil oldi. Talabalik yillarida puxta bilim olish bilan birga, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi, tinimsiz o‘z ustida ishladi, izlandi, yangi-yangi marralar sari qadam tashladi. 

[gallery-28025]

Saidabonu yosh, malakali mutaxassis sifatida mehnat faoliyatini Oltinko‘l tumanidagi 1-umumta’lim maktabida boshladi. Keyinroq u faoliyatini Andijon davlat chet tillari institutida davom ettirdi. 

2022-2023-yillarda Andijon davlat chet tillari institutida Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i vazifasida ish olib borib, yoshlarning ilm-fanga qiziqishini oshirish, ularni ilmiy-tadqiqot yo‘nalishiga jalb etish borasida samarali faoliyat yuritdi.

Saidabonu 2024-yilda Oriyental universiteti magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlab, shu yilning o‘zida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida stajyor-tadqiqotchi sifatida tahsil oldi. Ayni kunda u Andijon davlat chet tillari institutida “Ta’limda boshqaruv” ixtisosligi bo‘yicha tayanch doktorant sifatida ilmiy faoliyatini davom ettirmoqda. 

Hozirda u pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Shavkat Qo‘chqorov rahbarligida PhD dissertatsiyasi bo‘yicha “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini SWOT tahlili asosida boshqarishning pedagogik asoslari” mavzusida ilmiy ish olib bormoqda. 

Shuningdek, Saidabonu Oliy Majlis Senati qoshidagi “Gender adolat liderlari” jamoasi a’zosi hisoblanadi. Shuningdek, Andijon viloyatida tahsil olayotgan iqtidorli talaba-qizlar uchun tashkil etilgan “Yog‘du” loyihasi asoschisi sifatida ham yoshlarni ilm-ma’rifat sari chorlab kelmoqda.

Bundan tashqari, u 2025-yilda Yoshlar ishlari agentligi, “Yosh olimlar kengashi” hamkorligida tashkil etilgan “PhD sari qadam” loyihasining     3-mavsum respublika saralash bosqichida g‘olib bo‘lib, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun 11 million so‘m miqdorida grant sohibi bo‘ldi.

– Ko‘plab yoshlar erishayotgan yutuqlarning zamirida yurtimizda biz yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlar, Prezidentimizning ishonchi va doimiy qo‘llab-quvvatlashi yotadi. Men kelgusida ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlikka, yurtboshimiz ishonchiga munosib bo‘lish, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida astoydil mehnat qilish uchun bor bilim va salohiyatimni ishga solaman, – deydi Saidabonu Abdusalomova. 

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.