English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishonchli vakil zarafshonlik saylovchilar bilan uchrashdi
18:26 / 2023-06-15

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatidagi ishonchli vakili Quvondiq Sanaqulov Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” madaniyat uyida saylovchilar bilan uchrashdi.

Ishonchli vakil yig‘ilganlarga nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturidan o‘rin olgan beshta strategik maqsad haqida ma’lumot berdi.  

Ta’kidlanganidek, kelgusi yetti yilda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlar yanada jadal davom ettiriladi.

Ishonchli vakil dasturdagi har bir maqsad va g‘oya “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida xalqimizning barcha toifasiga munosib turmush sharoitini yaratib berish asnosida ularni hayotdan rozi qilishga qaratilganligini, belgilangan maqsadlarning ro‘yobi sifatida 2030 yilga borib aholining turmush darajasi ikki baravarga yuksalishini qayd etdi.

Uchrashuvda o‘tgan olti yil davomida Zarafshon shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari e’tirof etildi.

– Shahardagi mavjud 13 maktab zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanib, shahar tibbiyot birlashmasining 150 o‘rinli davolash bo‘limi binosi qurildi, – deydi Q.Sanaqulov. – Qizilqum bag‘rida joylashgan Muruntov, Dovg‘iztov qo‘rg‘onlari aholisining toza ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolari to‘liq bartaraf etildi. Zarafshonliklarning maishiy hordiq chiqarishlari uchun “Favvoralar saylgohi” va shahar xiyoboni barpo etildi. Shaharda investitsiya loyihalarini o‘zlashtirish ham yildan-yilga oshib, bugungi kunda 169 million 395 ming AQSH dollarlik ishlar amalga oshirilishi natijasida 2 ming 400 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.

– Men Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturini o‘qib chiqdim, – deydi Xalq deputatlari shahar Kengashi deputati Laylo Tursunova. – Bugungi uchrashuvda ishonchli vakil dasturdagi maqsadlarni yanada chuqurroq tushuntirib berdi. Aynan Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tadbirkorlarga keng imkoniyatlar eshigi ochildi. O‘tgan yili ishga tushgan “Zarafshon oyna” mas’uliyati cheklangan jamiyati misolida aytamanki, shaharda xususiy ishlab chiqarish korxonalari soni keyingi olti yilda sezilarli darajada oshgani u kishining tadbirkorlik sohasida olib borayotgan islohotlari samarasidir.

Saylovoldi dasturda xususiy sektorni rivojlantirish, ta’lim-tarbiya, tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish va yuqori bosqichga olib chiqish uchun muhim vazifalarning belgilangani kelgusida ulkan ishlar amalga oshirilishini, tizimda mehnat qilayotgan xodimlar uchun katta imkoniyatlar yaratilishini kafolatlaydi.  

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar dastur maqsadlarini qo‘llab-quvvatlagan holda o‘z sohalarida olib borilayotgan islohotlar va ular bardavom bo‘lishi uchun barchani Prezidentlikka nomzod Sh.Mirziyoyevga ovoz berishga chaqirdi.

Ishonchli vakil Quvondiq Sanaqulov bilan uchrashuvlar davom etmoqda.  

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA