O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzayevning Navoiy viloyatidagi ishonchli vakili Shahnoza Qodirova uchquduqlik saylovchilar bilan uchrashdi.
Tadbirda ishonchli vakil saylovchilarga nomzod Abdushukur Xamzayevning tarjimai holi va saylovoldi dasturi haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, nomzodning dasturidan “Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish to‘g‘risida”gi dasturni qabul qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan “Yashil energetika strategiyasi”ni ishlab chiqish va qabul qilish, “Chiqindilar to‘g‘risida” gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish o‘rin olgan.

– Nomzodimizning saylovoldi dasturida ilgari surilgan maqsad va vazifalar, amalga oshirilishi belgilangan ustuvor yo‘nalishlar “Yashil taraqqiyot uchun!” shiori ostida mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir, – dedi ishonchli vakil. – Shuningdek, dasturda “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish orqali aholining qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish, xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda farovon jamiyatni barpo etishga alohida e’tibor qaratilgan.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Xamzayevning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlagan holda ushbu nomzodga ovoz berishga chaqirdilar.
A.Bo‘riyev, O‘zA