O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovning ishonchli vakili surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashdi.
Denov pedagogika va tadbirkorlik instituti Sariosiyo tumani filialida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda partiya faollari, mahalliy kengash deputatlari, xotin-qizlar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovning ishonchli vakili Mavjuda Hasanova saylovchilarni nomzodning tarjimai holi, mehnat faoliyati hamda saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Dasturning ustuvor ahamiyatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Nomzodning saylovoldi dasturida ilgari surilgan maqsad va vazifalar, amalga oshirilishi belgilangan ustuvor yo‘nalishlar kuchli ijtimoiy siyosat, arzon uy-joy, sifatli kommunal xizmatlar, kafolatli va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, yoshlar uchun ta’lim kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan. Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti, tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligi, ijtimoiy tenglikka asoslangan demokratik sud-huquq islohotlari hamda konstruktiv tashqi siyosatga alohida e’tibor qaratilgan.
–O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida mustaqil taraqqiyot sari dadil odimlay boshladi,–dedi ishonchli vakil. – Bu jarayonning huquqiy asosini yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 1-moddasida belgilangan qoidalar tashkil etadi. Nomzodimizning dasturida kuchli ijtimoiy siyosat yuritishda aholining ehtiyojmand qatlamlari yashash sharoitini yanada yaxshilashga qaratilgan qator g‘oyalar ilgari surilmoqdaki, bu ham mamlakatimizning ijtimoiy davlat ekanini keng namoyon etib, ehtiyojmand oilalar turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda nomzodning saylovoldi dasturida belgilangan muhim yo‘nalishlar to‘g‘risida fikr almashildi. Tadbir qatnashchilarini saylovda faol ishtirok etishga chaqirildi.
Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning ishonchli vakili Mavjuda Hasanova saylovoldi targ‘ibot tadbirini Uzun tumanidagi 2-kasb-hunar maktabida davom ettirmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri