Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishonchli vakil ta’lim tizimi vakillari bilan uchrashdi
10:44 / 2023-07-04

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatidagi ishonchli vakili Quvondiq Sanaqulov navoiylik ta’lim tizimi vakillari bilan uchrashdi.

Unda uzoq yillardan buyon faoliyat yuritayotgan ta’lim sohasi faollari, mahalliy Kengash deputatlari, faxriylar, xotin-qizlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Dastlab ishonchli vakil saylovchilarni nomzodning hayoti, mehnat faoliyati, beshta ustuvor maqsadni qamrab olgan saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.

Ishonchli vakil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning 21 iyun kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida viloyatni kelgusi yetti yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari bilan tanishtirdi.

Kelgusi yetti yilda viloyatdagi oilalarning maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoji 100 foizga to‘liq qoplanadi. Hozirda bu ko‘rsatgich 82 foizni tashkil etmoqda. Shu maqsadda viloyatdagi barcha mahallalarda jami 310 davlat va xususiy bog‘chalar tashkil etiladi. Bunga barcha manbalar hisobidan 1,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi.  

Bundan tashqari, 2030 yilga qadar yangi maktablar barpo etish va mavjudlarining quvvatini oshirish hisobiga qo‘shimcha 40 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Natijada viloyatda 30 nafardan ko‘p bola ta’lim oladigan birorta sinf qolmaydi. Hozirda bunday sinflar soni 1 ming 200 ta. Viloyatdagi barcha maktablar zamonaviy kompyuter sinflari va o‘quv laboratoriyalari bilan ta’minlanadi.

Navoiyning iqlimini hisobga olgan holda barcha bog‘cha va maktablar filtrlangan ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi.

– Bugungi kunda viloyatda ta’lim sohasida katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Navoiy davlat pedagogika instituti tarix fakulteti kafedra mudiri A.Aminova. – Birgina men faoliyat olib borayotgan oliygohni olaylik. Ushbu ta’lim muassasasi uchun 200 milliard so‘m ajratilib, yagona o‘quv binolaridan iborat kampus qurilishi hamda tarqoq fakultetlar jamlanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, institutimiz Navoiy davlat universitetiga aylantirilmoqda. Buning natijasida oliygohdagi ta’lim sifati yanada yuksaladi va yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi oshadi. Nomzodning saylovoldi dasturi bilan tanishib, ertangi kunimizning yanada farovon bo‘lishiga yana bir bor ishondim.  

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib, barchani ushbu nomzodga ovoz berishga hamda 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda faol ishtirok etishga chaqirdilar.

 

A.Bo‘riyev, O‘zA