O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Hamzayevning Surxondaryo viloyatidagi ishonchli vakili saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Angor tumanidagi 1-bolalar musiqa va san’at maktabida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ishonchli vakil Ibrohim Yoqubov nomzodning saylovoldi dasturida belgilangan asosiy yo‘nalishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
–O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Hamzayevning saylovoldi dasturi partiyaning maqsad va vazifalariga hamohang holda ishlab chiqilgan,–dedi ishonchli vakil.–Unda mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish orqali aholimizning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish asosiy maqsad etib belgilangan. Xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, farovon jamiyatni barpo etishga alohida ahamiyat berilgan.
Nomzodning “Yashil taraqqiyot uchun!” shiori ostidagi saylovoldi dasturida shuningdek, shaharlar bosh rejalarini tuzishda kamida 30 foizli yashil maydonlar yaratish talabini mustahkamlash, shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, normativ hujjatlarni qabul qilishda atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini joriy etish kabi tashabbuslar ilgari surilgan. Davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish Strategiyasi” ni, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish istiqbollarini belgilashga yo‘naltirilgan “Yashil energetika Strategiyasi” ni qabul qilish, suvdan samarali foydalanish va uning mahsuldorligini oshirishga qaratilgan milliy dasturni ishlab chiqish kabi qator takliflar ilgari surilgan.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar nomzodning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan muhim hayotiy masalalarga e’tibor qaratdi. Davlat va jamiyat farovonligi, xalqimiz obodligini ta’minlash bilan bog‘liq tashabbuslar o‘rtaga tashlanayotgani ta’kidlandi. Bunday g‘oyalar yurtimiz rivoji, aholining tinch, totuv va to‘kin hayoti yo‘lida muhim omil bo‘lishi qayd etildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri