O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudovaning Namangan viloyatidagi ishonchli vakili saylovchilar bilan uchrashdi.
Chortoq tumanidagi 14-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida bo‘lib o‘tgan navbatdagi saylovoldi tashviqotida tuman faollari, mahalliy Kengash deputatlari, “Adolat” SDP a’zolari, xotin-qizlar va yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ishonchli vakil, partiyaning Namangan viloyati Kengashi raisi, deputat Isroiljon Jo‘rayev nomzod va uning saylovoldi dasturida ilgari surilayotgan ustuvor maqsadlar xususida saylovchilarga batafsil ma’lumot berdi. Nomzodning dasturida Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida huquqiy demokratik, adolatparvar davlat va barcha uchun farovonlik ta’minlangan adolatli fuqarolik jamiyati qurishning sotsial-demokratik modeli taklif etilayotganligi ta’kidlandi.
Nomzodning saylovoldi dasturida ko‘tarilgan masalalar partiyaning maqsad va g‘oyalariga hamohang. Huquqiy davlat, ijtimoiy adolatni qaror toptirish, fuqarolik jamiyatini barpo etish, iqtisodiyot, ta’lim va ilm-fan, sog‘liqni saqlash, ekologiya, oilani mustahkamlash, yuksak ma’naviyatli jamiyat qurish, kabi yo‘nalishlar nomzodning asosiy dasturidan o‘rin olgan.

– Nomzodning saylovoldi dasturida ilgari surilgan “Aqlli tibbiyot” tizimining huquqiy asoslari ishlab chiqilib, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish kengaytirilishi hamda dorilarning yagona elektron bazasini takomillashtirish orqali ularning noqonuniy aylanmasiga, farmatsevtika va tibbiyot xodimlarining yashirin kelishuvlariga chek qo‘yiladi, – deydi partiya faoli Shahnozaxon Ismoilova. – Qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan nomzodning maqsadlari biz ishtirokchilarga ma’qul bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida ishonchli vakil barchani Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudovaga ovoz berishga chaqirdi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA.