O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Robaxon Mahmudovaning ishonchli vakili saylovchilar bilan uchrashdi.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – Robaxon Mahmudovaning Qoraqalpog‘istondagi ishonchli vakili Nurliboy Qaypbergenov saylovchilarni nomzodning saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Nukus shahar Tibbiyot birlashmasida tashkil etilgan uchrashuvda partiyaning shahar Kengashi xodimlari, mahalliy Kengash deputatlari, mehnat faxriylari, yoshlar, faol xotin-qizlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda nomzodning ishonchli vakili N.Qaypbergenov nomzodning tarjimai holi, mehnat faoliyati hamda saylovoldi dasturidagi ustuvor vazifalar xususida batafsil ma’lumot berdi. Nomzodning saylovoldi dasturida jamiyat rivoji bilan bog‘liq qator vazifalar belgilangan. Shu sabab nomzod dasturi saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

–Joriy yilning 9 iyul kuni muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan saylov oldidan “Adolat” SDP partiyasidan ko‘rsatilayotgan nomzod Robaxon Mahmudovaning tarjimai holi, mehnat faoliyati, saylovoldi dasturi bilan tanishdik, – deydi tadbir ishtirokchisi Hamida Sultanmuratova. – Saylovoldi dasturidan menga manzur bo‘lgani byurokratizm, korrupsiyaga qarshi kurash masalasi alohida bayon etilgani bo‘ldi. Bundan tashqari, nomzod dasturidagi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini jamoatchilik nazoratiga olishni yanada kuchaytirish to‘g‘risidagi g‘oyalari menga juda ma’qul bo‘ldi. Bu mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyati barpo etilishida eng muhim masalalardan hisoblanadi.
Tadbir so‘nggida so‘zga chiqqanlar tomonidan nomzodning saylovoldi dasturidagi ustuvor vazifalar qo‘llab-quvvatlandi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA