Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyati bo‘yicha ishonchli vakili O‘ktamjon Oxunov Baliqchi tumani saylovchilari bilan uchrashdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari, tuman mahallalarining xotin-qizlar faollari, nuroniylar, yoshlar, shuningdek, OAV vakillari ishtirokida Baliqchi tumani tibbiyot kollejida bo‘lib o‘tgan uchrashuvni O‘zLiDeP Andijon viloyati Kengashi raisi Xurshidaxon Xalilova ochib berdi. Shundan so‘ng ishonchli vakil O‘ktamjon Oxunov so‘z olib, Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturi haqida ishtirokchilarga keng ma’lumot berdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning samaralari, erishilgan yutuqlarda Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning roli va ishtiroki xususida gapirdi. Ishonchli vakil Yangi O‘zbekistonning asosiy ustuni – bilim, ta’lim va tarbiya bo‘lishi uchun zarur sharoitlarni yaratish mamlakatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishini ta’kidladi. Shuningdek, 2030 yilga qadar maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplab, qamrovni 100 foizga yetkazish va bog‘chalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, 2030 yilga qadar qo‘shimcha 2 mingta yangi bog‘cha qurish choralarini ko‘rish, bolalarni erta yoshdan boshlab zamonaviy axborot texnologiyalariga o‘rgatish maqsadida har bir bog‘chani kompyuter sinfi bilan ta’minlash yuzasidan zarur ishlar amalga oshirilishini aytib o‘tdi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan to‘liq ta’minlanishi, buning uchun zarur moliyaviy imkoniyatlar yaratilishi qayd etildi. Kelgusi yetti yil davomida ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga 1 milliard dollar ajratilishi uchun moliyaviy imkoniyatlar yanada kengaytirilishi aytib o‘tildi.

Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odinaxon Otaxonova so‘z olib, nomzodining saylovoldi dasturida biznesni, xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilganligi haqida gapirdi. Jumladan, saylovoldi dasturida kelgusi yillarda biznes uchun qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanma va mol-mulk soliq stavkalari oshirilmasligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotgan fermerlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizi qaytarilishi, o‘z vaqtida soliq to‘layotgan korxonalarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish muddati bir kun etib belgilanishi, ularda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmasligi va davlat xaridlarida ustunlik berilishi belgilanganligini ta’kidladi.
Uchrashuvda so‘z olganlar Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlab, o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi. Joriy yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida aholini faol qatnashishga va o‘zlari munosib deb topgan nomzodga ovoz berishga chaqirdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA