Zamonaviy sanoat korxonalarining barqaror ishlashida elektr energiyasi asosiy omil hisoblanadi. Ayniqsa, murakkab va ko‘p bosqichli texnologik jarayonlar amalga oshiriladigan metallurgiya tarmoqlarida energiya ta’minoti nafaqat ishlab chiqarish samaradorligini, balki butun tizimning uzluksizligi va xavfsizligini ta’minlaydi.
Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibidagi 3-Mis boyitish fabrikasi elektr ta’minoti jihatidan mamlakatimizdagi eng yirik va strategik ahamiyatga ega sanoat ob’ektlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Fabrikada elektr energiyasi asosan O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari orqali, “Yangi Angren” va “Sirdaryo” ishlab chiqarish elektr stansiyalaridan keluvchi quvvatlar hisobiga ta’minlanadi. Ushbu manbalardan olinadigan energiya “Tuket” 500/110 kV nimstansiyasi va 8-podstansiya 110/35 kV havo tarmoqlari orqali fabrikaga uzluksiz yetkazib beriladi.

Korxonadagi barcha texnologik jarayonlarning barqaror ishlashi uchun 3 ta 110/10 kV va 1 ta 35/10 kV bosh pasaytiruvchi podstansiyalar qurilgan bo‘lib, ular orqali 8 ta 100 MVA, 2 ta 63 MVA hamda 2 ta 16 MVA kuch transformatorlari ishga tushirilgan. Mazkur transformatorlar yordamida asosiy va yordamchi sexlar 0,4 kV hamda 10 kV kuchlanishdagi elektr energiyasi bilan ta’minlanib, ishlab chiqarish jarayonlari uzluksiz davom ettiriladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu yerda elektr ta’minoti markazlashgan holda avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruv tizimi – “Energy Power Management System” orqali nazorat qilinadi. Ushbu zamonaviy yechim inson omilining ta’sirini minimal darajaga tushiradi. Ish jarayonida ortiqcha energiya sarfini oldini oladi, elektr tarmoqlari va uskunalar holatini uzluksiz monitoring qilish imkonini beradi.

3-Mis boyitish fabrikasida elektr ta’minotining zamonaviy va ishonchli tashkil etilishi faqat texnik zarurat emas, balki strategik ahamiyatga ega omil hisoblanadi. Sababi quvvati yuqori bo‘lgan maydalash va flotatsiya uskunalari, nasoslar, avtomatlashtirilgan nazorat tizimlari hamda boshqa ko‘plab texnologik qurilmalar barqaror energiyasiz ishlashi mumkin emas.
Xulosa qilib aytganda, 3-MBFda joriy etilgan elektr ta’minoti tizimi zamonaviy yechimlarga asoslangan bo‘lib, u nafaqat “Olmaliq KMK” AJ, balki mamlakat sanoat sektori miqyosida ham muhim strategik ahamiyat kasb etadi. Barqaror energiya ta’minoti fabrikaning uzluksiz ishlab chiqarish jarayoni va yuqori samaradorligi garovi hisoblanadi.
A.Musayev, O‘zA