Bugun jamiyat hayotining turli jabhalarida faoliyat yuritayotgan hamyurtlarimiz, turli vazirlik va idoralarning mutasaddilari, ijodkor ziyolilar davlatimiz rahbari Murojaatnomasida belgilangan vazifalar asosida o‘z yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqmoqda.
Yurtimiz taraqqiyotining kelgusidagi strategiyasini belgilab beruvchi ushbu Murojaatnomada ta’lim-tarbiya, yoshlar hayotiga oid dolzarb masalalarga ham alohida ahamiyat qaratilgani o‘qituvchilar, ustoz-muallimlarni befarq qoldirmayapti.
Butun mamlakatga chaqiriq sifatida yangragan ushbu nutqda kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish, ta’lim-tarbiya sifatini tubdan yaxshilash, o‘qituvchilik kasbi va maqomini, obro‘sini jamiyatimizda yanada yuksaltirishga katta e’tibor qaratilgan.
Shu bilan birga, yaqin paytda yaratilajak Milliy dastur asosida o‘quvchilarda olgan bilimlarini hayotga joriy eta olish ko‘nikmasini shakllantirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ha, bugun hayot shiddat bilan o‘zgarmoqda. Darsliklardagi keltirilgan mavzularni, ma’lumotlarni quruqqina yodlash bilan ish bitmaydi endi. Bola ongiga muhrlanadigan bilimlar amaliy, hayotiy, kelgusida kasbiga kor eta olishi kerakligini vaqtning o‘zi ko‘rsatmoqda.
O‘qituvchilarning malaka oshirishi, ularni qayta tayyorlash tizimini mutlaqo yangicha asosda takomillashtirish, maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi o‘quv dargohlarini barpo etish bo‘yicha istiqboldagi vazifalar o‘rtaga tashlandi. Bularning bari sohadagi taraqqiyot yangicha tus olayotganidan darak beradi. Darhaqiqat, yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi.
O‘tgan vaqt mobaynida majburiy mehnat barham topdi. Bu o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashiga, ko‘proq izlanishiga imkon yaratadi. Muallimlar endi ortiqcha majlisbozlikka, keraksiz tadbirlarga jalb etilmayapti. Keraksiz qog‘ozbozlik, turli hisobotlardan xolis bo‘ldi o‘qituvchi. Endi u butun vaqtini bolalarga, ta’limga sarflashi zarur!
2020 yil yakunida davlatimiz rahbarining ko‘lidan "Do‘stlik" ordenini olish baxtiga musharraf bo‘ldim. Qalbimda cheksiz faxr va iftixor tuydim. Ayni paytda biz o‘qituvchilarning zimmasidagi mas’uliyat qanchalik zalvorli ekanini yana bir karra teran angladim. Ha, Murojaatnoma barchamiz uchun muhim dasturilamal hujjatdir.
Nizomiddin Botirov,
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 8-umumta’lim maktabi direktori, "Do‘stlik"ordeni sohibi