Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishonch va mehr mas’uliyati
14:53 / 2014-09-26

Poytaxtdan Angren shahriga yo‘l olarkanman, mashinaning orqa o‘rindig‘ida ajnabiy tilda so‘zlashib ketayotgan yigitlar e’tiborimni tortdi. Ular Angren politexnika kasb-hunar kolleji o‘quvchilari ekan.

Poytaxtdan Angren shahriga yo‘l olarkanman, mashinaning orqa o‘rindig‘ida ajnabiy tilda so‘zlashib ketayotgan yigitlar e’tiborimni tortdi. Ular Angren politexnika kasb-hunar kolleji o‘quvchilari ekan.

– Bir-birimiz bilan ingliz tilida gaplashib, bilimimizni yanada mustahkamlaymiz, – deydi ulardan biri Aziz Ahadjonov. – Bizning xorijiy tilni o‘rganishimizda ustozimiz Nilufar Umarovaning xizmati katta bo‘lmoqda.

N.Umarova 15-yildan buyon mazkur dargohda mehnat qiladi. Darsni noan’anaviy usulda, sodda va qiziqarli o‘tishi o‘quvchilarning til o‘rganishga bo‘lgan intilish va ishtiyoqini oshirmoqda.

– O‘g‘il-qizlarimizning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi, xususan, xorijiy tillarni puxta o‘rganishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan, – deydi u. – Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrda qabul qilingan «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada yangi bosqichga ko‘tardi.

Kollejimizda ham ushbu hujjat ijrosi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, chet tili sinf xonalari qayta jihozlandi, shu fan bo‘yicha dars soatlari ko‘paytirildi. Kutubxonamiz zamonaviy darslik, o‘quv-uslubiy qo‘llanma va adabiyotlar bilan boyidi.

Tajribali muallima kollejda ochgan ingliz tili to‘garagi a’zolari ko‘payib borayotgani yoshlarning ustoziga ishonch va mehri, til o‘rganishga xohishi yuqoriligidan dalolat beradi.

U mas’uliyatni yaxshi his qilgani bois izlanishdan to‘xtamaydi. Muallima “Ingliz tili darsida zamonaviy vositalardan foydalanish” nomli qo‘llanma yaratdi. Ta’lim muassasalarida undan keng foydalanilmoqda.

Mehnatsevar, fidoyi muallimaning ko‘p yillik samarali mehnatlari inobatga olinib, Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 27-sentabrdagi farmoniga binoan N.Umarova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

– O‘qituvchi hech vaqt bugungidek qadr va e’zoz topmagan, – deydi u. – Tobora ko‘rkamlashib borayotgan ta’lim muassasalarimizda o‘qituvchilarning samarali mehnat qilishi, o‘z mahoratini namoyon etishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Mehnatimiz munosib rag‘batlantirilayotir. Davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday katta e’tibor va g‘amxo‘rlik biz, pedagoglarni yanada faol bo‘lishga undamoqda, yangi marralar sari ruhlantirmoqda. Soha xodimlarining professional malakasini oshirishga, izlanish va tashabbuskorlik fazilatlarini yuksaltirishga, o‘quv-tarbiya jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.

Ta’lim sohasida axborot va komputer texnologiyalari, internet tizimi, raqamli va keng formatli telekommunikatsiyaning zamonaviy usullaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun axborot texnologiyalari nafaqat korxona va ta’lim muassasalari, balki har qaysi xonadonga kirib borib, yoshlarimizning sevimli hamrohiga, ularning bilim va salohiyatini yuksaltiruvchi omilga aylanmoqda.

Har qanday davlatning ertangi kuni, intellektual salohiyati yuqori, mustaqil fikr va keng dunyoqarashga ega kadrlarni tayyorlashga, qolaversa, ularning mehnati, intilishiga bog‘liq. Bunday barkamol avlodni tarbiyalashdek o‘ta muhim va dolzarb vazifa ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylar zimmasidadir.

O‘g‘il-qizlarimizni komil insonlar etib tarbiyalash vazifasini sidqidildan bajarayotgan pedagoglar mehnatini har qancha qadrlasak, e’zozlasak arziydi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, o‘qituvchi va murabbiylar mehnatini hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydi.