Joriy yilning 27 oktyabr kuni mamlakatimiz hayotida yana bir muhim siyosiy kun sifatida tarixga muhrlandi. Ilk bor yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar aralash saylov tizimi asosida o‘tkazildi.
“Yuksalish” xalqaro harakatining Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari, xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati Alijon Jalilov bu yilgi saylovlar haqida quyidagilarni gapirib berdi:
– Bu yilgi saylovlar siyosiy partiyalarning Saylovoldi dasturini xalqchil, fuqarolarimiz manfaatiga xizmat qiladigan darajada aniq tayyorlanishiga turtki bo‘ldi. Chunki raqobat maydonida oddiy odamlar manfaatiga xizmat qiluvchi siyosiy kuch g‘olib bo‘lishi inkor qilib bo‘lmas haqiqat. Viloyatimizdagi barcha saylov uchastkalarida saylovni belgilangan qonunchilikka muvofiq tarzda o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratildi. Siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ham deputat maqomiga erishish uchun astoydil kurashga kirishdi. Ular saylovchilar oldida o‘z dasturiy maqsadlarini erkin himoya qila oldi. Siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlar bu gal yanada xalqqa yaqinroq bo‘ldi.
Saylov jarayonini esa nafaqat mahalliy, balki xalqaro kuzatuvchilar ham kuzatib borishdi. Ular bilan suhbatlashdik, fikrlari bilan qiziqdik. Buyuk Britaniyalik xalqaro kuzatuvchisi Naomi Skott so‘nggi 2-3 yil ichida O‘zbekistonda juda muhim demokratik o‘zgarishlar jadallik bilan amalga oshirilganligini, Konstitutsiyani yangi tahrirda qabul qilish, saylov tizimini o‘zgartirish, gender tengligini ta’minlash uchun deputatlikka nomzodlarning ichida ayollar ulushini 30 foizdan 40 foizga oshirish, saylov jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “E-Saylov” axborot tizimini shular jumlasiga kiritish mumkinligini ta’kidladi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan saylovlar dunyo hamjamiyatining diqqat markazida bo‘ldi. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz mazkur jarayonlarga befarq emasliklarini bildirdi. Zero, Vatan taraqqiyoti, farzandlar kelajagi, mamlakat istiqboli uchun o‘zini daxldor, deb bilan fuqarolarimiz saylovlarda yakdil qarorlarini bildirdi.
Qonunchilik palatasi tarkibi 60 foizga yangilanib, saylangan deputatlarning 38 foizini xotin-qizlar tashkil etishi ham mamlakat quyi palatasi yangicha ruh, yangi tashabbuslar bilan ishlashi, eng asosiysi, xalq dardi bilan sug‘orilgan qonunlarning yaratilishiga zamin bo‘ladi.
Bo‘lib o‘tgan saylov natijalari hamda Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra, 40 nafar xalq vakili xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati etib ro‘yxatga olindi. Shuningdek, viloyatimizda tuman (shahar) Kengashlari deputatligiga ham 230 nafar deputat saylanib, o‘z faoliyatini boshladi.
Bugun viloyatimizda faoliyat boshlagan 270 nafar mahalliy Kengashlar deputatlari ko‘ksiga deputatlik nishonini taqar ekan, endilikda xalq roziligi, odamlar manfaatini to‘la-to‘kis himoya qilish, eng muhimi Saylovoldi dasturidagi va’dalarni sidqidildan bajarishni o‘zlarining eng katta maqsadlari, deb biladi. Zero, deputat xalq va mahalliy hokimlik o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lib, mavjud muammolar yechimi uchun kamarbasta bo‘lsagina xalqimizning hayoti yanada farovon bo‘ladi. Xalqning ovozi baland minbarlarda baralla yangraydi.
Suhbatni O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi.