Qonunga sharh
Xayru saxovat hamisha ulug‘lanadigan ezgu amallardan sanaladi. Kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olish, muhtoj kishilarga ko‘maklashish, bemorlarga muruvvat ko‘rsatish, yurt obodligi uchun bajarilayotgan hasharlarga hissa qo‘shish kabi fazilatlar xalqimiz o‘rtasida o‘zaro oqibatni mustahkamlash barobarida yosh avlod uchun ham chinakam tarbiya roli o‘taydi.
Turli xayrli tadbirlarni o‘tkazishda, masjidlar va boshqa inshootlar qurilishida faol tadbirkorlar, tashkilotlar o‘zlarining homiylik yordamlarini ko‘rsatib kelishlari ham yaxshi an’anaga aylangan.

Biroq har bir sohada bo‘lgani kabi homiylik faoliyati ham qonun bilan tartibga solinishi maqsadga muvofiq. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasining 2007 yil 2 maydagi “Homiylik to‘g‘risida”gi qonunida homiylik qanday maqsadlarda amalga oshirilishi, bu boradagi talablar belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, tijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar va harakatlarga pul mablag‘lari hamda boshqa moddiy mablag‘lar berish, o‘zga shaklda yordam ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash homiylik hisoblanmasligi, qonunga zid bo‘lgan har qanday faoliyatni homiylik vositasida qo‘llab-quvvatlash taqiqlanishi qayd etilgan.
Amaldagi qonunchilik hujjatlariga ko‘ra, homiylik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi har bir jismoniy va yuridik shaxsga taqdim etilgan. Biroq, homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibi qonunchilikda aniq belgilanmagani xalqimizning ochiqko‘ngillik, saxovatpeshalik kabi xislatlarini turli yolg‘onlar bilan suiiste’mol qilish niyatida bo‘lganlar uchun yo‘l ochib berar edi.
Oson pul topish dardidagi ayrim kimsalar odamlarning rahmini keltirgan holda bemorlarni davolash, masjidlar qurilishi, kam ta’minlangan boquvchisiz oilalarga yordam uchun degan turli yolg‘onlar bilan ehson yig‘ishni o‘ziga kasb qilib oldi. Biroq, yig‘ilgan pul nima maqsadda ishlatilgani, chindan ham ezgulik uchun xizmat qilgani haqida axborot berilmasligi ko‘pchilikda e’tiroz va savollarni yuzaga keltirdi. Jamoatchilik tomonidan bu kabi firibgarlikka qarshi chora ko‘rish zarurligi haqida talab va tavsiyalar bildirila boshlandi.
Shuningdek, ayrim ziyoratgoh va qabristonlarda xayriya qutilarining o‘zboshimchalik bilan ochilishi va xayriya tushumlarini o‘zlashtirish, o‘zicha xayriya qutilar o‘rnatish kabi holatlar ham uchrab turadi.
Yoki ba’zan yolg‘on e’lonlar bilan pul yig‘ib, to‘plangan mablag‘ni radikal harakatlar manfaatlari uchun yetkazib berishga urinishlar ham aniqlangan.
Bu kabi holatlar tabiiy ravishda mazkur yo‘nalishdagi faoliyatni tartibga solish, buning uchun avvalo, qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirdi.
2025 yil 21 avgust kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni bilan homiylik to‘g‘risidagi qonunchilik talablari yanada takomillashtirildi.
Endilikda, qonun bilan belgilangan yangi talablar orqali xayriya va ehsonlar firibgarlardan tozalanadi.
Qonun bilan homiylik tashkilotlari, ya’ni nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, homiylikni amalga oshiruvchi va homiylik oluvchi yuridik shaxslar tomonidan homiylik xayriyalarini naqd, naqdsiz va mol-mulk shaklida yig‘ishning aniq tartibi belgilandi.
Bunda homiylik xayriyalarini naqd pul shaklida yig‘ish faqat xayriya qutisi yordamida yoki homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki oluvchi yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlariga pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Shuningdek, homiylik xayriyalari mol-mulk shaklida yig‘ilgan taqdirda qabul qilib olingan mol-mulk ro‘yxati shakllantirilib, uning turi, miqdori (hajmi) ko‘rsatilgan holda dalolatnoma tuziladi.
Yana bir muhim jihati, homiylik xayriyalarini yig‘ish jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida ushbu jarayonlar boshlanishi va yakuni bo‘yicha ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-saytlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda tegishli ma’lumotlar e’lon qilinishi va soliq hisobotlarida aks ettirilishi belgilandi.
Qonunda jismoniy shaxslar, shu jumladan, ko‘ngillilar tomonidan homiylik xayriyalarini yig‘ishning ham aniq tartibi qayd etilgan bo‘lib, unga ko‘ra jismoniy shaxslar homiylik xayriyalarini naqd pul yoki mol-mulk shaklida faqat o‘zi yoki yaqin qarindoshlari manfaatida yig‘ishi mumkinligi, bunda naqd pul shaklidagi homiylik xayriyalarini faqat o‘zlarining bank hisobvaraqlariga yoki shaxsiy bank kartasiga olishi kerak.
Ko‘ngilli shaxslar o‘ziga begona bo‘lgan homiylik oluvchilarga faqat e’lon berish orqali homiylik xayriyalarini yig‘ishga ko‘maklashishi mumkin. Bunda, xayriya pullari faqat homiylik oluvchi yoki uning yaqin qarindoshi nomiga ochilgan bank hisobvaraqlariga yoki shaxsiy bank kartasiga yig‘iladi yoki ularga bevosita beriladi.
Shuningdek, qonunda xayriya qutisi tushunchasi, uni o‘rnatish va undan foydalanish tartibi ham belgilandi. Mazkur tartiblarga ko‘ra, xayriya qutisi faqat homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki oluvchi yuridik shaxslar tomonidan o‘rnatiladi.
Xayriya qutisi naqd pul shaklidagi ehsonlarni yig‘ish uchun mo‘ljallangan shaffof idish, uni ochish joyi vakolatli shaxslar tomonidan imzolangan, muhrlangan yoki plombalangan bo‘lishi kerak.
Xayriya qutisida homiylik xayriyalarini yig‘ish maqsadi, uni o‘rnatgan yuridik shaxs haqidagi ma’lumotlar aks ettirilishi shart. Qutini ochish va xayriyani hisoblash jarayoni xayriya tashkilotchisining vakolatli vakili va kamida ikki nafar guvoh ishtirokida amalga oshiriladi. Bu jarayonlar videotasvirga olinib, dalolatnoma tuziladi va undagi ma’lumotlar bir kun muddatda jamoatchilikka e’lon qilinadi. Xayriya qutisidagi mablag‘lar u ochilgan kunda yoki keyingi ish kuni ichida tegishli bank hisobraqamiga kirim qilinadi.
Yangi tartibga ko‘ra, endilikda homiylik xayriyalarini yig‘ish, shuningdek, xayriya qutisini o‘rnatish va undan foydalanish tartibini buzgan fuqarolar va mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilib, jarima solinishi belgilandi.
Bundan tashqari, homiylik tashkilotining moliya yilida o‘z ta’minoti uchun qonunchilikda belgilangan miqdordan ortiq mablag‘ sarflashi ham javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Qonun bilan qabul qilingan ushbu yangi normalar jamoatchilikning homiylik sohasida yuzaga kelgan xavotirlarini bartaraf etib, xayriya ishlarida shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, miskinlar va yordamga muhtojlar uchun yig‘ilgan xayru ehson aniq manziliga yetib borishi ta’minlanadi. Ehson sohibining ham, xayriya oluvchining ham umidlari, ishonchi zavol topishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Homiylik va xayriya ishlari orqali dardmandlar shifo topadi, mushkullar oson bo‘ladi, qalblar saxovat orqali quvonchga to‘ladi. Shukr va minnatdorlik bilan chin yurakdan qilingan duolar sabab saxovatpesha insonlar yashnaydi, ezgu amallar bardavom va barokatli bo‘ladi.
Abdumutallib O‘KTAMOV,
Demokratik jarayonlarni
tahlil qilish markazi eksperti.
O‘zA