French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Ishonch» telefonlariga ishonsa bo‘ladimi?
16:02 / 2022-04-27

BIZNING QO‘NG‘IROQ

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 19 maydagi «Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan hududlarda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazi va uning joylardagi filiallari tashkil etildi.

Endilikda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar mazkur markazlarga o‘zlari borib yoki telefon qo‘ng‘iroqlari orqali bog‘lanib, muammolarini aytishlari mumkin. 

Ayni kunlarda poytaxtimizda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi 1146 ishonch telefoni ishlab turibdi. Ushbu telefon orqali tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarning murojaatlari qabul qilinib, tegishli chora-tadbirlar qo‘llaniladi. 

O‘zA muxbiri ishonch telefonining nechog‘li ishonch bilan ishlayotganini bilish maqsadida 1146 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, qisqa gudokdan so‘ng 220 raqamli operator qiz bilan bog‘landi.

— Assalomu-alaykum, sizni eshitaman.

— Singlim bugun, 27 aprel kuni necha nafar xotin-qizlarning murojaatlarini tinglaganingizni ayta olasizmi?

— Kechirasiz, bu haqda ochiq ma’lumot berolmayman.

— Murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish tartibi qanday?

— Bizda asosan murojaatchilarning muammolari tunu kun qabul qilinadi. Operatorlar navbat bilan ishlaymiz. Murojaatni eshitgach, uni yozib olib, reabilitatsiya markazlariga yuboramiz. Shikoyatchi agar tezlik bilan yordam berish zarurligini aytsa, biz bu arizaga "tezlik bilan" degan so‘zni tirkab qo‘yamiz. 

Ko‘pincha ayollarning muammolari telefon orqali ham yechiladi. Ya’ni operatorlar orasida psixologlar ham bor. Psixologlar ayollarga shu yerning o‘zida zarur maslahat yoki yo‘l-yo‘riqlarni ko‘rsatishadi. Bizga murojaat qilganlar bilan suhbatlashish vaqti chegaralanmagan. 

— Murojaatchi xotin-qizlarning barcha muammolariga yechim topiladi, deb ayta olasizmi?

— Bizga o‘z ism-sharifini va kim tomonidan tazyiq ko‘rayotganini aniq aytgan xotin-qizlarga yordam berib, muammosini hal qilish uchun maslahat beramiz. Ko‘pincha bizga qo‘ng‘iroq qilgan ayollar muammosini va shaxsini ochiq aytishga o‘zini tayyorlab, so‘ng murojaat qilishadi. Afsuski, ular orasida shaxsini va jabrlagan insonni sir tutadiganlari ham bor, ularni o‘zimiz uchun qayd etib qo‘yamiz, boshqa yordam berish imkonimiz yo‘q. 

Darhaqiqat, ushbu suhbatimiz orqali angladikki, bu boradagi murojaat va muammolar e’tibordan chetda emas. Hech bir ayol o‘z yaqinlari yoki o‘zgalar tomonidan hech qanday jabr ko‘rmasin. Ammo, nachora, bu – hayot, oramizda turfa xil fe’l-atvorli insonlar bor. Mabodo sizning hayotingizga yoki sog‘lig‘ingizga kimdir jabr yetkazayotgan bo‘lsa, hech ikkilanmay, 1146 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. 

Har bir ayol zo‘ravonliksiz, tazyiq va tahdidlarsiz baxtli hayot kechirishga loyiq va haqli.

Shu o‘rinda aytish joizki, biz har bir murojaatlar bilan ishlovchi tashkilotlarning "Ishonch" telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib, ularning fuqarolarga munosabatini kuzatib boramiz.

Nigora Rahmonova, O‘zA