Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishonch telefoni — ishonchli yechimlar manbai: o‘tgan yili 53 mingdan ortiq murojaat qabul qilindi
13:29 / 2026-02-02

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Ishonch telefoni — 71-202-09-09 orqali o‘tgan 2025 yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 53 ming 788 ta qo‘ng‘iroq qabul qilingan.

Bu ko‘rsatkich aholining ta’lim sohasidagi masalalar yuzasidan murojaat qilish faolligi tobora oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Qabul qilingan qo‘ng‘iroqlarning 52 497 tasi “Call-markaz” operatorlari tomonidan joyida ko‘rib chiqilib, fuqarolarga tegishli ma’lumot va tushuntirishlar berilgan.  

Qolgan 1 ming 291 ta murojaat bo‘yicha esa masalalar batafsil o‘rganilishi uchun zarur ma’lumotlar vazirlikning tegishli boshqarma va bo‘limlariga taqdim etilgan.

Vazirlik tomonidan barcha murojaatlarni tezkor o‘rganib chiqish va hal etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Bu esa fuqarolarning muammolari e’tibordan chetda qolmasligini, har bir masala belgilangan tartibda ko‘rib chiqilayotganini anglatadi.

Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarda asosan  maktabgacha ta’lim tashkilotlariga joylashtirish va qabul navbati, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati (ish haqqi, subsidiya, bitim muddatini uzaytirish va boshqalar), maktab shahodatnomasini tiklash yoki dublikat olish, eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyasida ishtirok etish,  dars soatlari taqsimoti,  o‘quvchilarni maktabga joylashtirish va maktabdan maktabga ko‘chirish,  o‘quvchilarning fan olimpiadalarida ishtirok etishi hamda pedagoglarga milliy sertifikatlar asosida ustama belgilash va to‘lovlar kabi masalalar o‘rin olgan.  

Shuningdek, pedagoglarning menejerlik sertifikatini olishi, pedagoglarning malaka toifa sinovlarida qatnashishi, pedagoglarning malaka oshirish jarayonlariga doir savollar ham yo‘llangan.

Aytish joizki, Ishonch telefoni fuqarolar bilan ta’lim tizimi o‘rtasida samarali muloqot ko‘prigi vazifasini bajarib, sohadagi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA