Jizzax shahrida “Ishonch" kunlari” doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tahliliy so‘zning jamiyatdagi ahamiyati, bosma nashrlar va kasaba uyushmalari o‘rtasidagi hamkorlik, zamonaviy ommaviy axborot vositalarining ta’siri haqida atroflicha fikr almashildi.
Zamonaviy axborot muhiti tezkorlikni talab etadi. Biroq ma’lumotlar oqimi orasida tahliliy, chuqur o‘ylangan maqolalarga bo‘lgan ehtiyoj kamaygani yo‘q — aksincha, ortib bormoqda. Bunday sharoitda jamiyat hayotidagi voqealarni xolis va teran tahlil etayotgan nashrlar alohida e’tiborga loyiq.
“Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari ana shunday nashrlar sirasiga kiradi. Ular nafaqat axborot tarqatmoqda, balki voqealar zamiridagi sabab va yechimlarni ham ko‘rsata olayapti. Jizzaxdagi tadbirda ham aynan shu jihatlar markazda bo‘ldi.
[gallery-25821]
Muloqotda gazetalar tahririyati vakillari — bosh muharrir o‘rinbosari Darmon Ibrohimov, “Doveriye” gazetasi mas’ul kotibi Valentina Marsenyuk, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Jizzax viloyati Kengashining raisi o‘rinbosari A’zam Ixtiyorov, shuningdek, kasaba faollari, gazetxonlar va OAV vakillari ishtirok etishdi.
– Avvallari gazeta o‘qilmagan xonadon bo‘lmasdi. Bugun esa texnologiyalar dunyosidamiz. Biroq “Ishonch”ning tahliliy uslubi, xalqona maqolalari, muammo va uning yechimi haqidagi yoritish uslubi o‘quvchi e’tiborini torta olyapti, – dedi Agrosanoat xodimlari kasaba uyushmasining mas’ul tashkilotchisi Akbarxon Tursunov. – Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavzular, mehnat sharoiti, ish haqi masalalariga doir maqolalar odamlar uchun muhim. Gazeta muammolar yechimini topishda qanot bo‘layapti deb bemalol aytish mumkin.
Tadbir ishtirokchilari fikricha, tahliliy materiallar muammoni ko‘rsatish bilan birga, uning yechimini taklif etayotgani bilan ham ahamiyatlidir. Bu — jurnalistikaning ijtimoiy vazifasi samarali amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.
Muloqot yakunida tahririyat hamda kasaba uyushmalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, sohaviy mutaxassislar ishtirokida tahliliy maqolalar tayyorlash, ayniqsa, qishloq mehnatkashlari hayotini yoritishga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.
Hozirgi media muhitda oddiy mushtariyning fikri ham o‘ta muhim. Uning ehtiyoj va talabini teran his etgan nashrgina o‘quvchi qalbiga yo‘l topa oladi. Shu jihatdan olib qaraganda, “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari maqtovga loyiq.
Tadbir yakunida gazetalarga obunani tashkil etishda faollik ko‘rsatgan kasaba uyushmalarining mas’ul tashkilotchilari tahririyatning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari