“Ishonch” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarni joylarda ko‘zdan kechirish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillaridan iborat “Ishonch” jamg‘armasi boshqaruv qo‘mitasi hamda bir qator vazirlik va idoralar vakillari Buxoro viloyatida bo‘ldi.
Tashrif doirasida “Ishonch” jamg‘armasining “Yuqori sifatli va inklyuziv ta’lim natijalariga erishish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli ta’limdan foydalanish” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish borasida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ayni paytda viloyatdagi 151 ta umumta’lim maktabida 216 ta inklyuziv ta’lim sinflari tashkil etilgan bo‘lib, ularda 280 nafar alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchi qamrab olingan. Bu ko‘rsatkichlar hududda ushbu ta’limni bosqichma-bosqich joriy etish va ta’limda teng imkoniyatlarni ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaliy natijasidir.
“Vision 2030 – O‘zbekistonda ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish: axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli ta’lim orqali sifatli va inklyuziv ta’lim natijalariga erishish” hamda “Ishonch 2030” loyihalari viloyatda nafaqat umumta’lim muassasalari, balki pedagog kadrlar salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgan muhim tashabbuslardandir. Xususan, “Ishonch 2030” loyihasi doirasida Romitan tumanidagi 1-sonli, Kogon shahridagi 3-sonli hamda Buxoro shahridagi 45-sonli umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’lim muhitini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
[gallery-26765]
Mehmonlar dastlab Romitan tumanidagi 1-umumta’lim maktabida bo‘lib, bu yerda tashkil etilgan inklyuziv ta’lim sinflari va STEM laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Shundan so‘ng delegatsiya viloyat pedagogik mahorat markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ta’mirdan chiqarilgan binolar bo‘ylab ekskursiya tashkil etilib, zamonaviy jihozlangan o‘quv xonalari ko‘zdan kechirildi. Markazda o‘qituvchilarning amaliy mashg‘ulotlari jarayoni namoyish etilib, pedagogik mahorat markazida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan anjuman o‘tkazildi. Ushbu tadbirda o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, raqamli va inklyuziv ta’lim metodlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, delegatsiya Buxoro shahridagi 45-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, maktab bo‘ylab ekskursiya davomida raqamli, STEM va inklyuziv sinflar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Maktab direktori va o‘qituvchilari bilan o‘tkazilgan suhbatlar jarayonida yaratilgan ta’lim muhiti, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/FtoLUlyxzo8?si=JpoppjJ_bsc5Z489" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari