Prezidentimizning joriy yil 15 mayda qabul qilingan “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga faqatgina bir hujjat sifatida emas, balki yurtimiz istiqboli, ma’naviyati va ilmiy salohiyatiga qaratilgan yangi marralar sari yetuk yondashuv deb qarash to‘g‘riroq bo‘ladi.

Mazkur farmon orqali davlatimiz rahbari iqtidor tushunchasini endi faqatgina fan olimpiadalari, musobaqa sovrindorlari doirasida emas, balki har tomonlama salohiyatli, ilmiy-tadqiqotlarga moyil, ijodkor va tashabbuskor yoshlarni qamrab olishga yo‘naltirishni nazarda tutgan. Bu avvalo, iqtidorning tabiiyligini tan olish va uni erkin ravnaq toptirish muhitini yaratish deganidir.
Farmonda belgilangan Prezident maktablari, “Iqtidorlilar dasturi”, maxsus grantlar, ota-onalar va ustozlar bilan hamkorlikni mustahkamlash kabi mexanizmlar orqali davlat yoshlarga ishonch bilan qarayotganini ko‘rsatadi. Bu ishonch esa, o‘z navbatida, ularni mas’uliyat va fidoyilikka chorlaydi.
Mening e’tiborimni tortgan tomoni shundaki, mazkur tashabbus bir tomonlama yuqoridan berilgan ko‘rsatma emas, balki xalq bilan birgalikda, joylardagi ehtiyoj va imkoniyatlar inobatga olingan holda ishlab chiqilgan. Natijada har bir hudud, har bir maktab, har bir bola o‘z o‘rni va imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Farmonning yana bir muhim jihati, iqtidorni qo‘llab-quvvatlashda shaxsni yetuk inson sifatida tarbiyalash, uning axloqiy va ma’naviy yuksalishiga e’tibor qaratilishidir. Bunday yondashuv shunchaki bilim emas, balki ulkan insoniylik tayanchiga ega avlodni voyaga yetkazishga xizmat qiladi.
Qisqacha aytganda, bu farmon iqtidorli yoshlarni tanlab olish emas, balki ularni yetishtirish va hayotga tayyorlashning mukammal modeli hisoblanadi. Bu tashabbus orqali O‘zbekiston kelajagi dunyo sahnasida o‘z so‘zini aytadigan yoshlar bilan ta’minlanadi. Ular orasidan olamni o‘zgartiruvchi allomalar, olimlar, ixtirochilar va buyuk shaxslar yetishib chiqsa ajab emas.
Said Donishev,
Xalq deputatlari Jizzax
shahar Kengashi deputati. O‘zA