Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishonch, hamkorlik va o‘zaro manfaat: O‘zbekiston – Pokiston strategik muloqotining yangi mazmuni
08:56 / 2026-02-07

Munosabat

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar geografik yaqinlik hamda zamonaviy siyosiy manfaatlar bilan cheklanib qolmaydi. Ushbu hamkorlik aloqalari chuqur tarixiy ildizlar, mushtarak ma’naviy qadriyatlar va umumiy sivilizatsion merosga tayanadi.

Jumladan, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida asrlar davomida shakllangan savdo yo‘llari, ilmiy-ma’rifiy aloqalar hamda madaniy muloqotlar ikki hudud xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirib kelgan. Bu tarixiy bog‘liqlik, avvalo, buyuk davlat arbobi va mutafakkir bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, uning ma’naviy merosi bugungi kunda ham O‘zbekiston va Pokistonni birlashtiruvchi ramz sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat natijasida O‘zbekiston – Pokiston munosabatlari yangi mazmun kasb etdi. Ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik maqomi joriy etilib, siyosiy muloqot faollashdi, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, xavfsizlik, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik sezilarli darajada kengaydi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi nafaqat ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berdi, balki tarixan mushtarak ildizlarga ega bo‘lgan ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklikni amaliy natijalar bilan mustahkamlashga qaratilgan muhim siyosiy voqea sifatida namoyon bo‘ldi.

Ayniqsa, O‘zbekiston – Pokiston Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilgani munosabatlarni institutsional asosda rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Mazkur mexanizm ikki davlat o‘rtasida erishilayotgan kelishuvlarni tizimli, uzviy va nazoratli ravishda amalga oshirishga xizmat qiladi. Bu esa hamkorlikni deklarativ emas, balki aniq amaliy mazmun bilan boyitish imkonini beradi.

Shuningdek, tashrif davomida iqtisodiy hamkorlik masalalari markaziy o‘rinni egalladi. So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi salkam 500 million dollarga yetdi. Vaholanki, bir necha yil avval bu ko‘rsatkich 100 million dollardan ham kam bo‘lgan. Qolaversa, O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi 230 dan ortiq korxona faoliyat yuritayotgani ikki mamlakat iqtisodiy aloqalari barqaror o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, kelgusida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, bu maqsadga erishish uchun Imtiyozli savdo bitimi doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, fitosanitariya ruxsatnomalarini soddalashtirish, Lahor va Karachidagi O‘zbekiston savdo uylari imkoniyatlaridan faol foydalanish bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston – Pokiston munosabatlarida transport va logistika sohasidagi hamkorlik strategik ahamiyatga ega. Transafg‘on temir yo‘li loyihasini jadallashtirish, “Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi iqtisodiy bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Jumladan, hozirda Pokistonning Karachi portidan O‘zbekistonga yuk yetkazish o‘rtacha 10–12 kun vaqt olasa, mazkur temir yo‘l loyihasi amalga oshirilgach bu muddat 3–4 kungacha qisqaradi. Bu esa loyiha qanday ulkan salohiyatga ega ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Shu sababli ham mazkur tashabbus “asr loyihasi” va “kelajak avlodlar uchun loyiha” deya e’tirof e’tilmoqda.

Yuqorida ta’kidlaganimdek, O‘zbekiston – Pokiston munosabatlarida madaniy-gumanitar hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Islomobod shahridagi ko‘chalardan biriga Toshkent nomi berilishi va Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan atalgan bog‘ barpo etilishi ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy, ma’naviy rishtalarning yorqin ifodasi bo‘ldi.

Shuningdek, tashrif doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyevga Pokistonning oliy davlat mukofoti – “Nishoni Pokiston” ordenining topshirilishi alohida ahamiyatga ega. Ushbu mukofot davlatimiz rahbarining O‘zbekiston – Pokiston strategik sherikligini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi, shuningdek, O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan chuqur hurmat va do‘stona munosabatga berilgan yuksak e’tirofdir.

Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi O‘zbekiston – Pokiston strategik sherikligini mazmun jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Imzolangan Qo‘shma deklaratsiya, 30 ga yaqin ikki tomonlama hujjatlar va yirik iqtisodiy kelishuvlar bu hamkorlikning mustahkam huquqiy va amaliy asosini yaratdi.

Eng muhimi, erishilgan kelishuvlar nafaqat ikki mamlakat, balki butun Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida barqarorlik, taraqqiyot va o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu esa O‘zbekiston tashqi siyosati uzoqni ko‘zlagan, pragmatik va xalq manfaatlariga qaratilganligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

 Mehnat, sog‘liqni saqlash

va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA