Tomorqa – koni foyda, har bir qarich yer – chinakam xazina. Undan keladigan daromad ro‘zg‘or kamini butlaydi, oila byudjetini to‘ldiradi. Qolaversa, tomorqa xo‘jaligidan oqilona foydalanish, uni daromad manbaiga aylantirish aholi bandligini ta’minlashning muhim yo‘llaridan biridir. Buni yaxshi anglagan Farg‘ona viloyatidagi tomorqachilarning aksariyati har qarich yerdan unumli foydalanib, mo‘may daromad topish hadisini olgan.
Uchko‘prik tumani “Hasanqora” mahalla fuqarolar yig‘inida ham tomorqadan samarali foydalanish, issiqxonalar tashkil etish, yilning istalgan faslida mahsulot yetishtirib, mo‘may daromad topish borasidagi ishlar namunali yo‘lga qo‘yilgan.
Qishloq aholisining aksariyati ertangi sabzavot ko‘chatlari yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Har yili bosqichma-bosqich 10 million donaga yaqin sabzavot ko‘chatlari yetishtirilib, nafaqat atrof tumanlarga, balki qo‘shni viloyatlarga ham yetkazib berilayotgani hasanqoraliklarning mirishkorligidan dalolat. Bugunga kelib mahallada 350 dan ziyod tomorqa egalari ko‘chatchilik bilan band.
Mazkur mahallada istiqomat qiluvchi Fazlulloh Haydarov ham tomorqadan unumli foydalanib kelayotgan hamyurtlarimizdan biri. Yoshligidan turli sabzavot ko‘chatlari yetishtirish bilan shug‘ullanib kelgan mirishkor tomorqachi o‘tgan mavsumda yangi tajribaga qo‘l urdi. Tomorqasida Koreya texnologiyalari asosida gidroponika usulida 4 sotixli issiqxona qurib, bu yerga 7,5 ming tup qulupnay ko‘chati ekdi. O‘tgan yilning sentyabr oyida ekilgan qulupnay ko‘chatlari hozirda mo‘l hosil tukkan.
Ayni kunlarda qulupnayning kilosi 150-200 ming so‘mdan sotilmoqda. Fazlulloh Haydarov bir mavsumda hosilni 3 tonnaga yetkazib, 300 million so‘mga yaqin daromad olishni ko‘zlab turibdi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda Fazlulloh Haydarov kabi ko‘plab yurtdoshlarimiz tomorqasidan mo‘may daromad olib, ro‘zg‘orini but qilyapti, shu orqali oilasining farovonligini ta’minlayapti.
M.Sulaymonov,O‘zA