Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishlar sarhisobi va muammolar tahlili
16:30 / 2021-06-10

Toshkent viloyati hokimining shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Barhayot Meliyev “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish borasida joylarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan brifing o‘tkazdi.

Unda Prezidentimizning 2021 yil 2 apreldagi ““Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi qay tarzda bajarilayotgani yuzasidan ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, viloyatda jami 1 ming 48 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, hozir ularning 654 tasida keng ko‘lamda ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur mahallalarning 133 tasi aholi uchun dolzarb muammolar yig‘ilib qolgan og‘ir hududlar toifasiga kiradi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini shakllantirishda asosiy e’tibor shunga qaratildi. Jumladan, tuman va shaharlardagi 44 ta muammoli mahallalar kiritildi. Ulardagi ko‘p yillardan buyon aholini qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida jami 237,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Ayni paytda joylarda qurilish, ta’mirlash ishlari avjida.

Viloyatda jami 4938 ta ko‘p qavatli uylar mavjud bo‘lib, ularga 36 ta boshqaruv servis kompaniyalari va 369 ta shirkatlar tomonidan xizmat ko‘rsatiladi. Dastur doirasida shirkatlarning 174 million so‘m mablag‘lari hisobiga 9 ta ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlandi. Xususan, 500 kvadrat metr yo‘laklar ta’mirlanib, 9 ta kirish yo‘laklari, 9 ta temir eshik va 27 ta yoritish tizimlari o‘rnatilgan.

2021-2022 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha shirkatlar tomonidan 19,3 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 330 ta ko‘p qavatli uylardan 140 tasida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.  

Brifingda ichimlik va oqova suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Hududda yashovchi 3 million 72 ming nafardan ortiq aholining 57,8 foizi markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Biroq O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Bo‘stonliq, Quyi Chirchiq va Bekobod tumanlaridagi 145 ta mahallada yashovchi 367 ming nafardan ortiq aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. Dastur doirasida 370,6 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari, 32 dona suv inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun 77 milliard so‘m ajratilgan. Hozirga qadar jami 54,8 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortilgan, 4 dona suv ko‘tarish qudug‘i qazilgan.  

Shuningdek, hukumatning tegishli qarorlari asosida Nurafshon shahrida 2019-2022 yillarda 141,9 milliard so‘m mablag‘ hisobiga zamonaviy 4 ming kub metr kunlik oqova suv tozalash inshooti va shahar bo‘ylab asosiy 30,7 kilometr oqova suv tarmoqlarini qurish rejalashtirilgan. Joriy yilning 1 avgustida ishga tushadigan ob’ektning birinchi bosqichi 2 ming kub metr oqova suvlarni chiqarishga mo‘ljallangan.

Brifingda tabiiy gaz, elektr ta’minotini yaxshilash, obodonlashtirish bo‘yicha hududlarda olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Yil yakuniga qadar barcha sohalarda belgilangan vazifalar to‘liq amalga oshirilishi ta’kidlandi.

 

A.Musayev, O‘zA