English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishlab chiqaruvchilar yarmarkasi
14:54 / 2015-05-22

IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining Andijonda o‘tkazilgan viloyat bosqichida 250 dan ziyod ishlab chiqarish korxonasi o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.

IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining Andijonda o‘tkazilgan viloyat bosqichida 250 dan ziyod ishlab chiqarish korxonasi o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor mahalliy ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, hududiy korxonalarning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Yarmarkada mahalliy ishlab chiqaruvchilarning import o‘rnini bosuvchi energetika tizimi uchun zarur butlovchi jihozlar, sanoat, trikotaj va oziq-ovqat mahsulotlari, mebel va uy-ro‘zg‘or buyumlari namoyish etildi. Mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoatining yetakchi korxonasi «GM-Uzbekistan» qo‘shma korxonasiga butlovchi qismlar va jihozlar yetkazib beruvchi korxonalar tomonidan namoyish etilgan mahsulotlar ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

– Korxonamizda “Matiz”, “Damas”, “Spark” va boshqa rusumdagi avtomobillar uchun 30 dan ziyod turdagi butlovchi qismlar tayyorlanadi, – deydi Marhamat tumanidagi “G‘ayrat-2000” xususiy ishlab chiqarish korxonasi rahbari O‘tkirbek Zulfiyev. – Korxonada mahalliylashtirish dasturi asosida butlovchi qismlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. 40 dan ziyod ishchi mehnat qilayotgan jamoamiz tomonidan o‘tgan yili «GM-Uzbekistan» qo‘shma korxonasiga 1 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulot yetkazib berildi.

Viloyatda avtomobillar uchun import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati yildan-yilga kengaymoqda. Panama Respublikasining “Valensia and Co” kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib borayotgan Shahrixon tumanidagi “SDK Group And” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona ana shulardan biridir.

– Korxonamizda avtomobillar uchun 180 turdagi moy, havo va yoqilg‘i filtrlari ishlab chiqariladi, – deydi korxonaning moliyaviy masalalar bo‘yicha direktori O‘ktamjon Abdusattorov. – Joriy yilning birinchi choragida 1 milliard 400 million so‘mlik mahsulot tayyorlandi. Mahsulotimiz import o‘rnini to‘ldirishi hisobiga asosan ichki bozorda sotiladi, ma’lum qismi esa xorijga eksport qilinadi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, korxonalarni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish natijasida viloyatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati ortib borayotganini yarmarkada namoyish etilgan mahsulot va buyumlar yana bir bor ko‘rsatdi.

– Bizning korxonamizda yuqori va past kuchlanishli elektr saqlagichlar, ko‘chirib yuritiluvchi yerga ulash moslamalari, kontaktlar, shtangalar, elektrotexnik forfor izolyatorlari va energetika tizimi uchun zarur boshqa butlovchi jihozlar ishlab chiqarilmoqda, – deydi Andijon tumanidagi “Fusunkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Ulug‘bek Sodiqov. – Mamlakatimizda korxonamiz mahsulotlariga talab yuqoriligini inobatga olib, ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirishni mo‘ljallamoqdamiz.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hisobiga tayyorlanayotgan mahsulotlar ham ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.

– Xo‘jaligimiz qoshida sutni qayta ishlash korxonasi tashkil etilgan, – deydi Izboskan tumanidagi “Jonobod chorvasi” fermer xo‘jaligi rahbari A’zamjon Daminov. – Hozir korxonamizda qadoqlangan sut, smetana, qatiq, qaymoq kabi 5 turdagi sifatli sut mahsulotlari tayyorlanmoqda. Joriy yilning birinchi choragida qariyb 40 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, bolalar bog‘chalari va aholiga yetkazib berildi.

Yarmarka nafaqat ishlab chiqaruvchilar, balki ko‘plab chakana va ulgurji savdo korxonalari vakillariga ham qulay va manfaatli hamkorlik shartnomalarini tuzish imkonini yaratdi. Yarmarka davomida qariyb 17,5 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi.

Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.