French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishlab chiqaruvchilar hamkorligi mustahkamlanmoqda
17:34 / 2015-05-15

Farg‘onada o‘tkazilgan IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining viloyat hududiy bosqichida ikki yuzdan ziyod ishlab chiqarish korxonasi o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.

Farg‘onada o‘tkazilgan IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining viloyat hududiy bosqichida ikki yuzdan ziyod ishlab chiqarish korxonasi o‘z mahsulotlarini namoyish etdi. 

Tadbirda mahalliy xomashyo asosida raqobatbardosh, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash, butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish, xususiy tadbirkorlik subyektlarining buyurtmalar portfelini shakllantirish, ularning o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha tender savdolarisiz o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzishi borasida keng imkoniyatlar yaratilayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz rahnamoligida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostidagi mahsulotlar o‘zining yuqori sifati bilan xalqaro bozorda tobora mustahkam o‘rin egallayotir.

An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan ushbu yarmarka mahalliy xomashyo asosida raqobatbardosh, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishda yirik sanoat korxonalarining kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorligini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda. Tovar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida ichki va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Yarmarkada qurilish, elektr-texnika, avtosanoat yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning yangi turdagi mahsulotlari namoyish etildi. “Mohigul”, “Far antikor invest”, “Ro‘zmatjon ota” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari kabi ishlab chiqarish korxonalarining mahsulotlari ishtirokchilarda, ayniqsa, katta qiziqish uyg‘otdi.

Rishton tumanida o‘tgan yili ish boshlagan “Usta Obidjon” oilaviy korxonasida mahalliy xomashyodan tayyorlanayotgan mebellar sifati, bejirimligi va arzonligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

– Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi korxona rahbari I. Sheraliyev. – Ayniqsa, oilaviy tadbirkorlik borasidagi imtiyozlar bizni g‘oya va izlanishlarga undamoqda. Ayni paytda 20 dan ortiq turdagi mahsulot tayyorlamoqdamiz. Yarmarkada ko‘plab shartnomalar imzoladik, bu kelgusida yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.

Yarmarkada 12 milliard so‘mlikdan ziyod shartnomalar imzolandi.