Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishlab chiqaruvchida sut narxi oshmagan
16:11 / 2025-08-14

MUNOSABAT

Ijtimoiy tarmoqlarda sut narxining oshgani to‘g‘risida ma’lumotlar tarqaldi. Albatta, bu holat ko‘pchilikda e’tiroz va xavotir uyg‘otdi. 

O‘zA muxbirlari respublikamizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan chorvachilik xo‘jaliklari va sut ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar bilan suhbatda bo‘ldi va joylardagi sut narxlarini tahlil qildi.

E’tiborlisi, chorvachilik xo‘jaliklari mutasaddilari bilan o‘tkazilgan suhbatlarda ular tomonidan yetishtirilgan sut qayta ishlovchilar va sutni qabul qiluvchilarga sotish narxida o‘sish kuzatilmaganligini ma’lum qilishdi.

Misol uchun, Andijon viloyati Andijon tumanidagi “Muqumiy” naslchilik fermer xo‘jaligi tomonidan Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi “LACTEL” brendi ostidagi qayta ishlash korxonasiga iyun-iyul oylarida 7250 so‘mdan sotib kelingan.

Toshkent tumanidagi “Mehnat baxtli sut” va “Qoplonbek ota”, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi "Qo‘shboq" fermer xo‘jaliklari 6,5-7 ming so‘mdan sotib kelayotganligini ma’lum qildi.

Boyovut tumanidagi “Ahmadiy” fermer xo‘jaligi Toshkent shahridagi "Maxarshiver" MCHJ ga yil boshidagi tuzilgan shartnomaga asosan 7,5 ming so‘mdan, shu tumandagi "Jo‘rabek Jumanazar o‘g‘li" fermer xo‘jaligi esa iyun va iyul oylarida 6 ming so‘mdan bolalar bog‘chasiga, Guliston tumanidagi "Axmadqul Taniqulov" fermer xo‘jaligi 6,2 ming so‘mdan tadbirkorlarga yetkazib bergan.

Kuzatuvlarimiz davomida Bo‘ka tumanidagi aholi tomonidan bugungi kunda sut qabul qiluvchilarga 5 ming so‘mdan ulgurji narxda sotib kelayotgani aniqlandi.

Toshkent shahridagi “Qo‘yliq dehqon bozori” da bugungi kunda 1 litr sut narxi ulgurji savdoda 6-6,5 ming so‘m, chakana savdoda 8 ming so‘mgacha sotilmoqda.

Ta’kidlash kerak, sut ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’ektlarida narxlar o‘zgarmagan. Balki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ba’zi hududlarda sut narxining tushganini ko‘rish mumkin. Masalan, Bo‘ka tumanidagi sut ishlab chiqaruvchilar o‘tgan yilning iyun-iyul oylarida 1 litr sut 5,5-6 ming so‘m bo‘lganini bu yil esa sut narxi tushib ketganini qayd etishdi.

Hamroz Bayanov, O‘zA