“Nurlikum Mining” Fransiya – O‘zbekiston qo‘shma korxonasining texnik oromgohida “Navoiyuran” davlat korxonasi hamkorligida “Xavfsizlik kuni” doirasida “Xavfsizlik bu tasodif emas, balki tanlovdir” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Har yili “Nurlikum Mining” qo‘shma korxonasida xavfsizlik madaniyatini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, o‘zaro tajriba almashish maqsadida “Xavfsizlik kuni” an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadi. Bu kabi tadbirlar kompaniya va uning xodimlari hamda hamkorlari uchun ishlab chiqarishda mehnat hamda texnika xavfsizligining muhimligini yana bir bor eslatadi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda kompaniyaning erishgan yutuqlari, mavjud kamchiliklari va orttirgan tajribalarini tahlil qilish hamda yanada takomillashtirish imkonini beradi.
– Korxonamiz ikki yo‘nalishda ish olib boradi, – deydi “Nurlikum Mining” qo‘shma korxonasi bosh direktori Benua Lemonn. – Birinchi navbatda geologiya-qidiruv ishlari olib borilsa, ikkinchi navbatda tajriba-sinov uchastkamizda tabiiy uran qazib olish ishlarini boshlaymiz. Bu kelajakda bizning keyingi faoliyatimiz uchun muhim. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, keyinchalik ishimizning natijasiga qarab ishlab chiqarish zavodi tashkil etishni rejalashtirganmiz. Albatta, bu jarayonlarda xodimlarning xavfsizligi muhim masala hisoblanadi. Shuning uchun ham har yili “Xavfsizlik kuni” ni o‘tkazamiz.
Tadbirda o‘tgan yilning asosiy masalalari va joriy yildagi vazifalar, geologiya-qidiruv ishlarida ishlash va mehnat xavfsizligi talablari bo‘yicha taqdimotlar, xodimning ish jarayonidagi xavfsizlik va yong‘inga qarshi vositalardan to‘g‘ri foydalanish, sanoatda yuzaga keladigan xodimning hayoti va sog‘lig‘iga ta’sir etadigan holatlarning oldini olish masalalari muhokama etildi.
“Orano Mining” kompaniyasining mehnat muhofazasi bo‘yicha mutaxassislari Anri Lekour va Mari Laure Fitamantlar kompaniyada joriy qilingan texnika hamda mehnat xavfsizligi bo‘yicha siyosat va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Biz bu kunni bayram sifatida o‘tkazamiz, – deydi “Orano Mining” kompaniyasining mehnat muhofazasi bo‘yicha mutaxassisi Mari Laure Fitamant. – Ushbu sanada korxonamizning hamkorlari, barcha ishchi-xodimlarning faol ishtirok etishiga e’tibor qaratamiz. Tadbirlar davomida xavfsizlikka doir masalalarni muhokama etamiz, yechimini kutayotgan savollarga javob izlaymiz. Boisi, xavfsizlik korxonamiz uchun birinchi o‘rindagi masaladir. Bugungi tadbirimizda ham mazkur yo‘nalishdagi bir qator muhim masalalar muhokama etildi, turli viktorinalar o‘tkazildi. Bu omil bizning keyingi faoliyatimizda kamchiliklarni bartaraf etishda juda muhim rol o‘ynaydi.
Tadbir davomida ishtirokchilar “Nurlikum Mining” qo‘shma korxonasi tajriba-sinov uchastkasining ishlab chiqarish maydoni faoliyati va mehnat muhofazasi bo‘yicha yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA