Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlari va eksport (+video)
14:29 / 2024-12-21

Prezident topshirig‘i amalda

Keyingi yillarda barcha sohalar qatori to‘qimachilik sohasida ham ko‘zga ko‘rinarli o‘zgarishlarga erishilmoqda. Sohaning rivojlanishi orqali aholi vakillari doimiy ish bilan ta’minlanib, ichki va tashqi bozordagi davlat ulushi kengayib bormoqda.    

Bu borada Buxoro viloyatining olis Olot tumanida ham katta natijalarga erishilmoqda. Bir vaqtlar faqat paxta yetishtirish bilan shug‘ullanib kelgan tuman aholisining bandligini ta’minlashda, hudud iqtisodiy salohiyati yuksalishida ijobiy yutuqlar qo‘lga kiritildi.

– Hozirda tumanimizda tadbirkorlik sub’ektlarining soni 1572 tani tashkil qilib, shundan, 281 tasi sanoat korxonalariga to‘g‘ri keladi, – deydi Olot tumani Iqtisodiyot va moliya bo‘limi bosh mutaxassisi Og‘abek Rizoqulov. – Tumanimiz paxta to‘qimachilik, yengil sanoat, to‘qimachilik ip-gazlama ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyat ko‘rsatadi. Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 4 yarim million so‘mga erishildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,2 millionni tashkil etgan. Sanoat jami ishlab chiqarish bo‘yicha 579,3 milliard so‘mga chiqarib, 109,5 foizga yetkaziladi. Tumanimizda davlat rahbarining tashabbusi bilan Sanoatni rivojlantirish bo‘yicha bo‘lim tashkil qilinib, shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 2025 yilda istiqbolli loyihalar asosida 8 ta investitsiya loyihasi asosida ishlab chiqarish hajmini oshirish rivoj qilingan.  

[gallery-20970]

Olot tumanida 2,7 gektar yer maydonida esa “Xalifa-2” kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Mazkur sanoat zonasida 2,1 gektar joyda yirik to‘qimachilik kompleksi qurilishiga start berilgan edi. Majmuada umumiy qiymati 121,3 milliard so‘mga teng “Mato va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish”ni tashkil etish natijasida 500 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi va 18 milliard  so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.  

– 14 million AQSH dollarlik tayyor mato ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha ishga tushishi natijasida tumanga qo‘shimcha 100 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda 4 million AQSH dollardan oshiqroq eksport hajmi yaratiladi, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Sherzod Beshimov.  

Davlatimiz rahbari qo‘shilgan qiymat yaratish, korxonalarning o‘zaro zanjir asosida rivojlanishi va sifatli mahsulot hajmini oshirishi borasida ham aniq vazifalarni belgilab bergan edi. Shunga mos ravishda tadbirkorlik sub’ektlarining qo‘llab-quvvatlanishi natijasida shu vaqtga qadar 4-5 nafar ishchi bilan faoliyat olib borayotgan sub’ektlar bugun mahalliy va xorij bozorlari uchun mahsulot yetkazib berishda yaxshigina marralarni zabt etmoqda.

– 15 nafar ishchi bilan ish boshladik, – deydi  korxona ish yurituvchisi Dilrabo Bozorova. – Hozirgi kunda ishchilarimiz soni 80 nafarga yetdi. Kelajakda 300 nafar ishchi o‘rni yaratishni rejalashtirganmiz. Kunlik mahsulotimiz 1,52 mingta futbolka ishlab chiqarishdan iborat. Asosan Rossiya davlatiga eksport qilamiz. Korxonada “Ustoz-shogird” an’anasi yo‘lga qo‘yilgan.  

Bugun mahallalarda bo‘sh turgan bino va inshootlarning tadbirkorlik sub’ektlariga ajratib berilishi ham tumandagi to‘qimachilik korxonalarida tayyorlangan matodan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini bir necha barobarga oshirdi.  

Jamiyatlarning moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishi hududda xotin-qizlar bandligini ta’minlashda ham muhim vosita bo‘lyapti. Yangicha dizayn asosida tayyorlanayotgan kiyim-kechaklar import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan raqobatlasha olishi ham tadbirkorlar o‘quvi oshib borayotganidan dalolat.

Hozirda tumanda jadal suratlarda rivojlanib borayotgan to‘qimachilik sanoati uchun kerakli mutaxassislarni tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bunda kasb-hunar maktabida yo‘lga qo‘yilgan tizimli ishlar o‘z samarasini bermoqda. Aynan ushbu maskanda dual ta’lim shaklining joriy qilinishi ikki tomon manfaatdorligini ta’minlamoqda.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, paxtadan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan aniq mexanizm bugun hududlarda to‘qimachilik sanoati rivojida katta o‘rinni egallab, eksport salohiyati, aholining doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishi va farovon yashashi uchun mustahkam zamin yaratilmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-FhtSW6b9BU" title="Ishlab chiqarish, yangi ish oʻrinlari va eksport" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbiri.