Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Xususan, ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazish, o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlarini nobud qilish yoki shikast yetkazish singari huquqbuzarliklarga qarshi choralar qat’iylashtirilmoqda.
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Fraksiya a’zosi Oybek Rahimovning qayd etishicha, qonun loyihasida avtomatik monitoring stansiyalar ma’lumotlarini yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga real vaqt rejimida kiritishni ta’minlash nazarda tutilmoqda. Bu fuqarolarning atrof-muhit haqida ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqini kafolatlaydi. Ayrim sanksiyalar miqdori kamaytirilmoqda.

Shuningdek, o‘rmon fondi yerlarini qonunga xilof ravishda berish va ularda bino-inshootlar va imoratlarni qurish, qo‘p kvartirali uyga tutash tuproqli va (yoki) yashil qoplamali yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan betonlashtirish, shuningdek ushbu yer uchastkasida qurilma va konstruksiyalarni o‘rnatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida deputatlar tomonidan bildirilgan e’tiroz va takliflar inobatga olinib, qonun loyihasi matniga kiritilgani, aniqlashtirilishi zarur bo‘lgan jihatlar to‘ldirilgani ta’kidlandi. Qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator fikrlar aytildi.

Fraksiya a’zosi Boriy Alixonov atmosfera havosiga chiqarilayotgan issiqxona gazlari bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlarini aniq hisoblab chiqish, korxonalarga qanchadan to‘g‘ri kelishini hisob-kitob qilish lozimligini bildirdi.
Ta’kidlanganidek, ishlab chiqarish korxonalarining hammasida ham filtrlovchi uskunalar o‘rnatilmagan, issiqxona gazlari tarkibidagi moddalarning hammasini ham o‘lchash yo‘lga qo‘yilmagan.
Qonun loyihasida javobgarlikning mutanosibligini ta’minlash maqsadida ko‘zda tutilayotgan huquqiy choralar mamlakatimizda ekologik vaziyatni yanada yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA