Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishlab chiqarish korxonalari faoliyati oʻrganildi...
17:45 / 2020-04-16

Karantin davrida yirik ishlab chiqarish korxonalari toʻxtab qolmasligi iqtisodiy barqarorlikning muhim sharti hisoblanadi.


Karantin davrida yirik ishlab chiqarish korxonalari toʻxtab qolmasligi iqtisodiy barqarorlikning muhim sharti hisoblanadi.

Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi farmoni asosida Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi mutaxassislari tomonidan korxonalarga amaliy yordam berish chora-tadbirlari oʻrganib chiqildi.

Jizzax shahridagi “Jizzax Polimer Plast” masʼuliyati cheklangan jamiyati yirik eksportyor korxonalardan biridir. Jamiyatda tovar aylanmasi 2019-yilda 37,4 milliard va 2020-yil yanvar-fevral oylarida 1,5 milliard soʻmni tashkil etdi. Kornavirus karatini tufayli eksport hajmi tushib ketdi.

– Karantin sabab ishchilarimizning kelib ketishida muammo paydo boʻldi, – deydi korxona rahbari Shuhrat Mamatqulov. – Ishchi xodimlarni kelib ketishi uchun avtotransport vositasiga maxsus ruxsatnoma kerak. Agar ruxsatnoma berilsa, ishlab chiqarishni karantin talablari asosida xavfsiz tashkil etishga imkoniyatimiz bor. Soliq boshqarmasi vakillari korxonamizdagi shart-sharoitlarni oʻrganib chiqib, muammoni hal etishda koʻmaklashadigan boʻldi.

Ip-kalava ishlab chiqaruvchi “JizzaxKenteks” masʼuliyati cheklangan jamiyati korxonasida ham shu muammo yuzaga keldi. Jamiyat tomonidan 2019-yilda 2 milliard, 2020-yil yanvar-fevral oylarida 0,6 milliard soʻmlik mahsulot eksport qilindi. Ayni paytda mahsulotni xorijiy hamkorlarga yetkazib berishda muammo yuzaga kelgan. Ip-kalavaga Rossiya Federatsiyasi hamda Xitoydagi kompaniyalar tomonidan talab yoʻqligi sababli, 1 ming 500 tonna mahsulot korxona omborida sotilmay turibdi.

Ayni paytda bu korxonada yangi loyiha ham amalga oshirilayotir. Korxonaga Shveysariyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar oʻrnatilmoqda. Mazkur loyiha amalga oshirilishi bilan 1000 ga yaqin yangi ish oʻrini yaratiladi. Korxonaga ishchilarni olib kelish bilan bogʻliq muammo yechim topishi ushbu loyihaning ishga tushishini ham tezlashtiradi.

Epidemiya sababli ishchilarning kelib ketishi bilan bogʻliq muammolar “Jizzax Akkumulyator Zavodi Distributor” , “EVROASIA KARPET” masʼuliyati cheklangan jamiyati kabi eksportyor korxonalar faoliyatida ham yuzaga keldi.

– Oʻrganishlar davomida korxonalarning ishlab chiqarishni davom ettirishlariga toʻsiq boʻlayotgan asosiy muammo avtotransport vositalari harakatlanishi uchun ruxsatnoma olish ekanligi maʼlum boʻldi, – deydi Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi katta inspektori Gulchehra Urdusheva. – Viloyat soliq boshqarmasi tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda ushbu masalaning yechimini topish boʻyicha ish olib borayotir. Yaqin kunlarda ishchi-xizmatchilarning xavfsizligi taʼminlangan holda avtotransportlar ajratilishi masalasi hal etilishi kutilmoqda.