Bugun mamlakatimizda tadbirkorlikni, xususan kichik va xususiy biznesni rivojlantirish, mazkur tarmoqqa keng imkoniyat va imtiyozlar berish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Tom ma’noda bugun tadbirkor elga madadkor bo‘lib, kichik biznes iqtisodiyotning drayveriga aylandi. Shuning bilan birga tadbirkorlik sub’ektlari yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim o‘rin tutmoqda.
Navoiy shahridagi “TIANCHENG STONE” MCHJ xitoylik hamkorlar ko‘magida 2018 yilda tashkil etilgan bo‘lib, granit toshini qayta ishlash bilan shug‘ullanadi.
– Granit toshlarini qazib olish va qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonamiz tomonidan bir oyda 13 ming m3dan ziyod qurilishbop granit toshi qazib olinmoqda, – deydi MCHJ bosh hisobchisi Xolida Irmanova. – Korxonamizning yillik quvvati 100 ming m3 granitni qayta ishlash imkoniyati mavjud. Hozirda Xatirchi tumani “Ko‘ksaroy” hududida granit karerimiz mavjud. Mahsulotlarimiz xorijga eksport qilinadi. Mahsulotlarimizga asosan Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlari tomonidan katta qiziqish bildirilyapti.
[gallery-10700]
Mazkur korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun Xitoy Xalq Respublikasining “TIANCHENG STONE” Co LTD korxonasi tomonidan 16,1 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan bo‘lib, 2022 yilda korxonani kengaytirish uchun “Ipoteka bank” viloyat filiali tomonidan 4,5 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.
– Bankning moliyaviy ko‘magida korxonada ish hajmi yanada oshdi. Yangi tarmoqlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – deydi X.Irmanova. – Natijada korxona tomonidan o‘tgan yilda qariyib 117 milliard so‘mlik granit mahsulotlari sotilgan bo‘lsa, ularning 75 foizi eksportga yo‘naltirildi. Ayni paytda bu yerda 437 nafar ishchi-xodimlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, joriy yilda korxonani yanada kengaytirish maqsadida 5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish ko‘zda tutilgan. Natijada yana qo‘shimcha 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA