Buxoro viloyatidagi “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasida 30 ta investor tomonidan 36 ta 117,7 million dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.
“G‘ijduvon” EIZ ishtirokchisi “Buxoro fayz textil” MCHJ tomonidan “Ip kalava ishlab chiqarish” loyihasining umumiy qiymati 6,7 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha natijasida 133 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Korxona joriy yilning 1 dekabr holatida 56,2 milliard so‘mlik mahsulot sotgan. Shundan 5,29 million AQSH dollarlik mahsulot eksport qilingan.
[gallery-5218]
– Korxonamiz 2017 yilda tashkil etilgan edi, – deydi korxona rahbari Mustaqin To‘xtayev. – Mana shu vaqt mobaynida bir qator ishlarni amalga oshirdik. Xususan, korxonamizda eksport hajmini yildan-yilga oshirish bizning asosiy maqsadimiz bo‘lib, kelgusi yillarda bu ko‘rsatkichlarni 7-8 million dollarga yetkazish niyatimiz bor. Shuningdek, 2022 yilda Belgiya davlati bilan hamkorlikda bo‘z mahsulotini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Buning natijasida 100 nafar aholini ish bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz.
“G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasida “NAVOYI SMART PLAS” MCHJ tomonidan “Xo‘jalikda ishlatiladigan plastmassa idishlar ishlab chiqarish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 0,64 million AQSH dollarni tashkil etadi. Loyihaning yillik quvvati 5,5 milliard so‘m bo‘lib, natijada 35 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Korxonada 100 ga yaqin mahsulot ishlab chiqariladi. Mahsulot sotish hajmi joriy yil 1 dekabr holatida 10,5 milliard so‘mni tashkil etmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA