Ishlab chiqarish hajmi ortmoqda
Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi “Andijoncharm” mas’uliyati cheklangan jamiyatida teri qayta ishlanib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi “Andijoncharm” mas’uliyati cheklangan jamiyatida teri qayta ishlanib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.Prezidentimiz rahnamoligida sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda. Jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish hajmi yildan-yilga ortayotir.
“Oltin deri” nomi bilan faoliyat ko‘rsatgan ushbu korxona o‘z vaqtida sifatli va rang-barang mahsulotlari bilan yurtimizdagi turdosh korxonalar orasida yetakchilardan biri edi. 2015-yilga kelib korxona faoliyati deyarli to‘xtab qoldi. Korxonani tiklash borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar samarasida o‘tgan yili u 200 yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan nol qiymatda tadbirkorlarga berildi. Shu tariqa korxona “Andijoncharm” nomi bilan qayta ish boshladi.
Qisqa muddatda korxonada modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Terini qayta ishlash, tikuv va pardozlash sexlari faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yildi. Natijada 2016-yilning uchinchi choragida 97 million so‘mlik teri qayta ishlanib, ishlab chiqarish korxonalariga yetkazib berildi.
– Ishlab chiqarish hajmini oshirish borasida zarur ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi korxona rahbari Odilxon Ro‘zmatov. – Asosiy maqsadimiz terini qayta ishlab, shu yerning o‘zida turli mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yishdir. Jumladan, joriy yil kuzda poyabzal, sumka ishlab chiqarish sexini ishga tushirish rejalashtirilgan. Kelgusida mahsulotlarimizni eksport qilish ham ko‘zda tutilgan. Korxonamizda mehnat qilayotgan 50 ishchining aksariyati kasb-hunar kollejlarini bitirgan yosh mutaxassislardir. Ularning samarali ishlashi uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan.