Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishlab chiqarish bazasi ishga tushirildi
17:48 / 2025-11-13

Sirdaryo tumanida dunyoga mashhur, Xitoy Xalq Respublikasining LESSO Group kompaniyasiga qarashli “LESSO O‘zbekiston ishlab chiqarish bazasi” rasman ishga tushirildi. Yangi ishlab chiqarish majmuasi mahalliy sanoat salohiyatini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va aholi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Tantanali ochilish marosimida tuman hokimi Azizbek Turdimurodov, xorijiy investorlar, korxona rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Zamonaviy talablarga mos ravishda qurilgan korxona binolarida ishlab chiqarish jarayonlari energiya tejamkor va ekologik toza texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yilgan.

Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi Azizbek Turdimurodov loyihaning ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, shunday dedi:

– LESSO Group kabi xalqaro nufuzga ega kompaniyaning Sirdaryo tumanida ishlab chiqarish bazasini ochishi bu nafaqat tumanimiz, balki butun viloyatimiz sanoati uchun muhim voqeadir. Yangi zavod faoliyati orqali qurilish sohasi zamonaviy, ekologik toza va energiya tejamkor mahsulotlar bilan ta’minlanadi. Eng muhimi, bu yerda yuzlab ish o‘rinlari yaratilib, yosh mutaxassislarimiz xorij tajribasi asosida ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi, – dedi hokim.

Loyiha xalqaro miqyosda faoliyat yuritayotgan LESSO Group kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Yangi ishlab chiqarish bazasida qurilish va muhandislik infratuzilmasi uchun quvur tizimlari hamda polimer materiallar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu nafaqat ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, balki eksport salohiyatini kengaytirish imkonini ham yaratadi.

LESSO Group — quvur tizimlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. 1986 yilda tashkil etilgan bu kompaniya quvur tizimlari, qurilish va uy-joy materiallari hamda yangi energiya yechimlarini ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritadi.

Hozirda kompaniya dunyo bo‘yicha 70 dan ziyod ishlab chiqarish bazasiga ega bo‘lib, mahsulotlari 150 dan ortiq mamlakatlarga eksport qilinadi. Unda 1000 dan ziyod ilmiy xodimlar faoliyat yuritadi, yillik savdo hajmi esa 4,38 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.

Sirdaryoda barpo etilgan “LESSO O‘zbekiston ishlab chiqarish bazasi” kompaniyaning Markaziy Osiyodagi muhim strategik loyihalaridan biri hisoblanadi. Uning ishga tushirilishi natijasida mahalliy ishlab chiqarish salohiyati mustahkamlanadi, eksportbop mahsulotlar turi kengayadi va xorijiy sarmoyalarni jalb etish imkoniyatlari yanada ortishi kutilmoqda. Shu bilan birga, mazkur korxona faoliyati tumanning investitsiya jozibadorligini oshirib, sanoat sohasida yangi qiymat zanjirlarini shakllantirishga xizmat qiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri