Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishlab chiqarish aloqalarini kengaytirish uchun yaxshi imkoniyat
20:45 / 2015-09-16

Joriy yilning 26-oktabr – 2-noyabr kunlari Toshkentda IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tadi.

Joriy yilning 26-oktabr – 2-noyabr kunlari Toshkentda IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tadi.

Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi direksiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan brifingda shu haqda ma’lum qilindi.

Mamlakatimizdagi ushbu yirik sanoat forumi Prezidentimiz Islom Karimovning 2007-yil 12-noyabrdagi «Ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni, 2009-yil 1-dekabrdagi «Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi va 2013-yil 29-yanvardagi «Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatdoshliligini yanada oshirish va tovarlarni respublikaga noqonuniy olib kirishga qarshi kurashni kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarorlariga muvofiq o‘tkazilmoqda.

Sanoat forumidan ko‘zlangan asosiy maqsad ishlab chiqarishni optimallashtirish, ichki tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish va mustahkamlash, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida keng xabardor qilish, mahsulotlar yetkazib berish, jumladan, eksport qilish uchun hamkorlar topish va ular bilan shartnomalar imzolashda xo‘jalik yuritish subyektlariga ko‘maklashishdan iborat.

Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi direksiyasi direktori R.Keldiyorovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ijobiy natijalar berayotgan ushbu forum samaradorligi yil sayin ortib bormoqda. Bugungi kunda 2015-2019-yillar uchun tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi va 2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari dasturi sanoat forumining ahamiyatini belgilamoqda.

Shu bois joriy yilda hududiy va tarmoq sanoat yarmarkalarining tarkibi sifat va son jihatidan kengayib, imzolangan shartnomalar, xususan, eksport bitimlari soni ko‘paydi.

Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi direksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, sanoat forumining I bosqichida 89 mingdan ziyod kishi, 4 ming 800 dan ortiq mahalliy korxona va xorijiy kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Stendlarda 22 mingdan ortiq turdagi mahsulot namoyish etildi. Ularning 710 tasi yangi mahsulotlardir.

Bu yilgi hududiy sanoat yarmarkalarida 377,5 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 24,5 foiz ko‘pdir. Eksport shartnomalari qiymati 180,8 million dollarni tashkil qildi va bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,4 foiz ko‘p. Tarmoq sanoat yarmarkalari yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 617,9 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi. Bu o‘tgan yilga qaraganda 5,2 foiz ko‘pdir.

Ayni paytda IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining ikkinchi bosqichiga tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, tadbir «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazma kompaniyasi maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazma majmuasining 4 pavilyoni, 2 atriumi, 2 konferensiya zali, ochiq turdagi 3 ko‘rgazma maydonchasi ishtirokchilar ixtiyorida bo‘ladi. 

IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida sanoatimizning asosiy tarmoqlari, xususan, metallurgiya, kimyo va neft-kimyo, avtomobilsozlik, mashinasozlik, elektrotexnika, yengil, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoati korxonalari ishtirok etishi kutilmoqda.

Sanoat forumi ishtirokchilariga qulaylik yaratish maqsadida www.cooper.uz saytida ishtirokchilar arizasini onlayn rejimida taqdim etish moduli yaratildi, mamlakatimizda ishlab chiqariladigan 20 ming turdan ortiq sanoat mahsulotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning 2015-2016-yilgi sanoat mahsulotlari katalogi nashr etildi va unda mamlakatimizdagi 2100 korxona va ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida ma’lumot keltirilgan.

Muxtasar aytganda, Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi har bir ishtirokchi uchun uzoq muddatli hamkorlar topish, istiqbolli shartnomalar tuzish va kelgusi yil uchun mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha buyurtmalar portfelini shakllantirish uchun yaxshi imkoniyatdir.