Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Ishingiz bo‘lmasin, xohlasam ko‘chaga tashlayman" yoxud maysalarni "hidlayotgan" tamaki qoldiqlari
16:07 / 2022-11-02

Bugun ertalab ishga ketayotib, avtobus bekatigacha biroz yayov yurishimga to‘g‘ri keldi. Yo‘l chetidagi yo‘lakdan tamaki chekib kelayotgan 40 yoshlardagi erkak, tamaki chiqindisi, ya’ni «bыchok»ni maysalar orasiga uloqtirdi.

— Nega chiqindini ko‘m-ko‘k maysalar orasiga tashladingiz, dedim azbaroyi asabiylashganimdan.  

— Ishingiz bo‘lmasin, bu yer ko‘cha, xohlasam chiqindi tashlayman, xohlamasam yo‘q.  

Erkak bilan biroz tortishdik. Aybini tan olishni istamagach, yo‘limda davom etdim.  

Yigirma metr masofadan so‘ng O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi respublika televideniye va radio kolleji hududiga yetib keldim. Kollej atrofiga bog‘bonlar turli-tuman daraxtlar ekishgan, yo‘laklar atrofi esa ko‘m-ko‘k maysalar bilan qoplangan. Afsus... 50 metrli yo‘lak ichidagi maysalarning deyarli hammasiga tamaki chiqindilari uloqtirilgan. Tamaki chiqindilari eski yoki yangi tashlanganini bilish uchun maysalar orasini qo‘lim bilan ochib qarab ko‘rdim. Aksariyati ertalab tashlangan, yangi chiqindilar. 

Kollejdan so‘ng bekatgacha mahalla binosi, bog‘cha, do‘konlar, dorixona-yu ko‘p qavatli uylar oralab borar ekanman, yo‘l chetidagi maysalaru daraxtlarning taglari «bыchok» bilan to‘lganiga guvoh bo‘ldim.  

Bu Bektemir tumanining, nari borsa, 200-300 metr chiqadigan hududidagi holat. Endi poytaxt ko‘cha va xiyobonlaridagi maysalarga bir kunda uloqtirilgan tamaki chiqindilarini yig‘sa, qancha chiqishini tasavvur qilavering. Ma’lumotlarga ko‘ra, sigaret qoldiqlari chirishi uchun kamida 10 yil vaqt kerak bo‘larkan. 

– Hisob-kitoblarga ko‘ra bir yilda dunyo miqyosida o‘rtacha 6 trillion dona tamaki donasi ishlab chiqariladi, — deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Umarjon Abdullayev. — Ushbu tamaki chiqindilarining o‘rtacha 3 yarim trillion donasi chiqindi sifatida tabiatga, ya’ni tuproqqa tashlanadi. Bu chiqindining 766 million kilogrammini shaxsiy chiqindi sifatida hisoblasak ham bo‘laveradi.  

Tamaki chiqindisi turli xil kimyoviy zararli moddalar, ayniqsa, og‘ir metallar, mikroplastiklardan iborat. Asosiy qismi atsetilsellyuloza tolasidan tashkil topgan bo‘lib, plastikning bir turi hisoblanadi. Tamaki chiqindisi tuproqqa tashlangach, quyosh nurida chiriydi. Natijada atrofga zararli kimyoviy moddalar tarqalib, inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘simlik va hayvonlarning zararlanishiga sabab bo‘ladi. Demak, bu chiqindining turgan-bitgani odamzotga ham, tabiatga ham ziyon. 

Xabaringiz bor, joriy yilning oktyabr oyi oxirlarida O‘zbekiston havo ifloslanishi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Hatto bu borada Hindistonni ham ortda qoldirdik.  

Biz havo ifloslanishi bo‘yicha oldinga chiqib olishimizga omil bo‘layotgan sabablar haqida juda ko‘p bong urdik. Bu jumboqli, yechimi yo‘q masala emasligini ham bilamiz. Bizning o‘zimiz yashayotgan hududdagi yashillikka nisbatan mehrimiz ortmas, e’tiborimiz shakllanmas, mas’uliyatimiz kuchaymas ekan, demak, tabiat ham bizga shunga yarasha jazo tayinlashini unutmasligimiz kerak.  

 Nigora Rahmonova, O‘zA.