Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida “Zarbdor tajribasi” asosida sanoat, savdo, xizmat va zamonaviy agrotexnologiyalar sohasida drayver loyihalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Navoiy viloyatida ham chora-tadbirlar belgilanib, amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, joriy yilda viloyatda 59 ta drayver loyiha shakllantirilgan bo‘lib, unda qariyb 6,1 ming nafar aholi bandligi ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda birinchi bosqichda shakllantirilgan 22 ta loyihaning barchasida pudratchi tashkilot aniqlanib, qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov raisligidagi viloyatda 2025 yilda “Zarbdor tajribasi” asosida ishga tushiriladigan drayver loyihalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda olib borilayotgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, drayver loyihalarni ishga tushirish orqali tuman va shaharlarda 415 ta lot savdoga chiqarilgan. Loyihalarda barcha infratuzilma ob’ektlari qurib berilayotgan va tadbirkorlarga tegishlicha imkoniyatlar yaratilgan bo‘lsada, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan yetarlicha targ‘ibot ishlari olib borilmaganligi sababli auksion savdolariga chiqarilgan lotlardan 45 tasi sotilmagan.

Shu kunga qadar drayver loyihalarni ishga tushirish orqali belgilangan 6 089 ta ish o‘rinlaridan 1580 ta ish o‘rni yaratilib, yangiish.mehnat.uz platformasidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan xolos. Bu borada Tomdi, Xatirchi, Karmana va Nurota tumanlarida ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.

Yig‘ilishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, har bir loyihada buyurtmachilar kesimida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarining sifati, muddatida bajarilishi, loyiha-smeta hujjatlariga mosligini nazoratga olish lozimligi aytib o‘tildi. Shuningdek, drayver loyihalarni ishga tushirish orqali yaratiladigan ish o‘rinlarini yangiish.mehnat.uz platformasidan ro‘yxatdan o‘tkazilishi va 2-bosqichda shakllantirilgan 12 ta drayver loyihalarning barchasida auksion savdolariga chiqarilishi rejalashtirilgan lotlar to‘liq savdoga chiqarilishi va sotish choralari ko‘rilishi zarurligi ta’kidlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri