Majburiy ijro byurosining Sirdaryo viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan fuqarolarning mehnat huquqlarini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Jumladan, sud hujjatlari asosida ishga tiklash va ish haqlarini undirishga oid ijro hujjatlari alohida nazoratga olingan.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan ijro harakatlari natijasida noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilgan 24 nafar xodim o‘z ish joyiga qayta tiklandi. Bu esa fuqarolarning mehnat huquqlari qonuniy asosda tiklanishiga xizmat qildi.
Shu bilan birga, 59 ta ijro hujjati bo‘yicha fuqarolar foydasiga jami 1,1 milliard so‘mdan ortiq ish haqi undirib berilishi ta’minlandi.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ijro hujjatiga asosan, Sirdaryo tumanidagi “Asaka MI” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan xodim foydasiga o‘z vaqtida to‘lanmagan 46,6 million so‘m ish haqi undirib berildi.
– Fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish — bizning asosiy vazifamizdir. Ishga tiklash va ish haqlarini o‘z vaqtida to‘lab berish borasidagi ishlar qat’iy nazoratda davom ettiriladi, – deydi Majburiy ijro byurosi katta inspektori Dilmurod Eshboyev.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri