O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tanlov tizimini yo‘lga qo‘yish borasida qanday ishlar amalga oshirildi?
– 2021 yil 1 yanvaridan boshlab davlat organlari va tashkilotlariga kadrlarni ishga qabul qilish faqat ochiq tanlov asosida amalga oshirilmoqda, – deydi agentlik axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova. – Joriy yilning 21 iyul holatiga 70 ta davlat organi va tashkiloti, shuningdek, barcha hokimliklar Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portaliga ulangan. Ular tomonidan vakant lavozimlar uchun 78 mingdan ortiq tanlov e’lon qilindi.
Tanlovlarga 935 ming 316 nafardan ziyod nomzod hujjat yuborgan bo‘lsa, ularning 35 ming 780 nafari tanlov g‘olibi sifatida davlat xizmatiga ishga qabul qilindi. Tanlov g‘oliblarining 14 ming 63 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan, 11 ming 132 nafari ayollar, shuningdek, qariyb 7 ming nafari davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilingan fuqarolarni tashkil etdi.
Hozirda portalda 231 mingdan ortiq fuqaro o‘z rezyumesini shakllantirgan.
Ayni vaqtda vacancy.argos.uz portalida davlat organlaridagi 2,5 ming vakant lavozim uchun ochiq tanlov davom etmoqda. Vakant lavozimlarning 360 tasi respublika, mingtasi hududiy (viloyat), 1,1 minggi tuman darajasidagi bo‘sh ish o‘rinlari hisoblanadi.
Portalda mavjud vakant lavozimlarning 558 tasiga hujjat topshirish uchun ish staji talab etilmaydi.
Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari yoxud ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar davlat organlarining staj talab qilinmaydigan lavozimlarini egallash uchun ochiq tanlovlarda ishtirok etishlari mumkin.
bugungi kunda ochiq tanlovlar jarayonining shaffofligini oshirish, korrupsiya va boshqa noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida tanlovlarning test sinovi bosqichi Agentlikning hududiy filiallarida markazlashgan holda tashkil etilishi yo‘lga qo‘yilgan.
N.Abduraimova, O‘zA