Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishga qabul qilishdagi shaffoflik ijobiy samaralar bermoqda
13:23 / 2025-06-24

Andijonda mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohani raqamlashtirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tomonidan tashkil etilgan va ommaviy axborot vositalari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari ishtirok etgan anjumanda keyingi yillarda mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, kadrlar siyosatida raqamlashtirish jarayonlari, ishga qabul qilishning ochiq va adolatli mexanizmlarini joriy etish, kadrlarning malakasini oshirish va zaxiraga olish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar haqida keng ma’lumot berildi.

Anjumanda 2022 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni sohadagi islohotlar uchun huquqiy asos vazifasini o‘tayotganligi, agentlikning viloyat filiali tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida davlat fuqarolik xizmatiga kirish jarayonida ochiq mustaqil tanlov mexanizmlari joriy etilganligi alohida ta’kidlandi.

[gallery-24028]

– Tanlov jarayonlarida shaffoflik va xolislik prinsiplari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali rahbarining o‘rinbosari Hayotbek Akbarov. – Bu esa sohaga tanish-bilishchilik va korrupsion omillarning aralashuvini cheklashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Umuman, davlat fuqarolik xizmatlariga ishga qabul qilishdagi shaffoflik ijobiy samaralar bermoqda

Tahlillarga ko‘ra, shu kunga qadar davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining yagona ochiq portali (vacancy.argos.uz) orqali 6 ming 397 ta vakant lavozimga tanlov e’lon qilinib, ularda 115 ming 220 nafar nomzod qatnashgan, shundan 5 ming 755 nafari tanlov g‘olibi sifatida ishga qabul qilingan. Tanlov g‘oliblarining 30 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, 11 foizini davlat xizmatini ilk bor boshlagan fuqarolar, shuningdek, g‘oliblar tarkibida xotin-qizlar ulushi 35 foizni tashkil etadi.

Anjumanda davlat xizmatchilari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, kadrlar samaradorligini baholash, inson resurslarini boshqarish, milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va murojaatlar bilan ishlash yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar haqida ham ma’lumotlar berildi. 

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari davlat fuqarolik xizmati sohasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javoblar oldi. 

Faxriddin UBAYDULLAEV, Zuhriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA