Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishga qabul qilishda dastlabki sinov belgilanmaydigan shaxs toifalari kengaytirilmoqda
15:57 / 2020-11-19

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi yuzasidan bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Husanov ma’ruza qildi.

1995 yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksida ko‘plab havolaki normalar mavjud edi. Barcha zarur masalalar aniq tartibga solinmagani, uni amaliyotda qo‘llashda bir qator muammolar yuzaga kelayotganini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, unda fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi turli xil shakllarining faol rivojlanishi hisobga olinmagani, ish beruvchilarni, xususan, qo‘shimcha odamlarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beradigan moslashuvchan ish rejimlaridan keng foydalanish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilmagani yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini qabul qilish zaruratini keltirib chiqardi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqish kabi normalarni o‘z ichiga oladi.

Ushbu hujjatning ahamiyatli jihatlaridan biri unda ish beruvchi sub’ektlar sifatida mulkiy va idoraviy mansubligidan qat’i nazar tashkilotlar, yollash huquqiga ega bo‘lgan tashkilotlarning alohida tarkibiy bo‘linmalari hamda jismoniy shaxslar belgilanayotganidir.

Deputatlarning fikricha, mazkur qoidaning belgilanishi ishchi o‘rinlarining ko‘payishi, norasmiy sektorda faoliyat olib boruvchi shaxslarning qisqarishi hamda ularning huquqlari doimiy ravishda himoya qilinishiga olib keladi.

Shu bilan birga, Kodeks loyihasida mehnat shartnomasini tuzish bilan bog‘liq ayrim munosabatlar takomillashtirilmoqda. Xususan, ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladigan yoshga aniqlik kiritilib, ishga qabul qilishda dastlabki sinov belgilanmaydigan shaxs toifalari kengaytirilyapti.

Mamlakatda yoki mintaqada favqulodda holat yoki karantin choralari e’lon qilinganda xodimning roziligisiz mehnat shartnomasiga o‘zgartirish kiritish shartlari, jumladan, moslashuvchan qulay rejimga o‘tish, to‘liqsiz ish vaqti, masofadan turib ishlash kabilar belgilanmoqda. Bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlarining muvozanatini ta’minlash, ularni ijtimoiy hamkorlikka jalb qilish, tomonlar o‘z mehnatining natijadorligiga qiziqishini oshirish, kichik biznes va yakka tadbirkorlik sohasiga mehnat qonunchiligini tatbiq qilish shular jumlasidan.

Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA