English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ishga marhamat” monomarkazi ochildi
20:11 / 2020-11-23

Farg‘ona shahrida band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi “Ishga marhamat” monomarkazi ish boshladi.

Bu yerda fuqarolarni 16 ta kasb va chet tillarga o‘qitish orqali mahalliy va xorijiy ish beruvchilarning talablariga mos ravishda malakali mutaxassislar tayyorlanadi.

Farg‘ona viloyatida ham ishsizlik muammosini hal etish borasida bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida aholi bandligini ta’minlash, mehnatga layoqatli fuqarolarning mehnat qilish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish ustuvor masalaga aylandi. 

Davlatimiz rahbarining joriy yil 11 avgustda qabul qilingan “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Aholining ishchanligini oshirish, kambag‘al va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, shu asosda ularni doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish orqali bandligini ta’minlash maqsadida joylarda “Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil qilinmoqda.

Farg‘ona sanoat kasb-hunar kolleji negizida ish boshlagan mazkur markazning rekonstruksiya ishlariga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qariyb 7 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarf etildi. Bu yerdagi o‘quv xonalari zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan.

“Ishga marhamat” monomarkazning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, bu maskan ishsiz fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishda o‘ziga xos maktab bo‘lishini alohida ta’kidladi. Bu yerdagi sharoitlar bilan tanishdi, kasb o‘rganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.

– Xorijga ishga borayotgan aksariyat yurtdoshlarimizda biror kasb bo‘yicha yetarli malaka yo‘q, shu bois ular qiyin holatga tushib qolmoqda, – deydi viloyat rahbari. – Shu bois mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni, shuningdek, xorijiy tillarni o‘rganish kerak. Monomarkazda buning uchun barcha sharoitlar bor. E’tiborli jihati, tadbirkorlik qilish niyatida bo‘lgan fuqarolarimiz har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar ajratiladi.

bugungi kunda mazkur markazga 155 nafar fuqarolar jalb etilgan bo‘lib, ularning 55 nafarini mehnat migrantlari tashkil etadi. Kelgusi yildan boshlab, mazkur monomarkazlarning baholash jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilariga mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda tan olinadigan Skills pasportini berish yo‘lga qo‘yiladi.

Bu kabi ishlar barcha hududlarda davom etayotgan bo‘lib, yaqinda Farg‘ona tumani kasb-hunarga o‘qitish markazi foydalanishga topshirildi. Bu yerda hozirga qadar 500 dan ortiq ishsiz fuqarolar kasbga o‘qitish kurslariga qamrab olingan. Shuningdek, 11 ta hududda “Mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari” tashkil etildi. Har bir tuman va shahar kesimida kambag‘al va ishsiz fuqarolarni, ayniqsa, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatiga («temir daftar») kiritilgan oilalarni kasb-hunarga o‘rgatish va ularning mehnat faolligini oshirish bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqildi.

M.SULAYMONOV, M. QODIROV (surat), O‘zA