Prezidentimiz 2020 yil 11 avgustda “Kambag‘al va ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. Unga asosan, o‘tgan yilning iyul oyidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, uning hududiy boshqarmalari qoshida "Ishga marhamat" monomarkazlari faoliyati yo‘lga quyilgan edi.
Bu markazlarda o‘qigan va kasb-hunarga ega bo‘lgan aholi qatlami o‘z-o‘zini band etib, o‘zi va oilasi uchun naf keltiradigan biron bir foydali kasb turi bilan shug‘ullanib, jamiyatda o‘z o‘rnini topa olyaptimi? Sirdaryoda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, uning Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan va Guliston shahrida joylashgan Guliston "Ishga marhamat" monomarkazida navbatdagi press-tur tashkil etildi.
– Markaz ish boshlaganiga uncha ko‘p vaqt bo‘lmadi, – deydi Guliston "Ishga marhamat" monomarkazi rahbari Farhod Qarshiboyev. – Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish, uni ishga tushirish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamg‘armasi hisobidan 11 milliard so‘m pul mablag‘i qurilish va rekonstruksiya ishlariga, markazni kasb-hunarga o‘rgatishga moslashtirish, xonalarni zarur jihozlar bilan jihozlash uchun 2 milliard 200 million so‘m pul mablag‘i yo‘naltirilgan edi. Endilikda markazimizda ishsiz va kasb-hunarsiz aholi qatlamini foydali kasb-hunar turiga o‘rgatish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Bir yilda 27 turdagi yo‘nalishga 2572 nafar aholini qamrab olamiz. Ular o‘zlari tanlagan kasb-hunar turlari bo‘yicha 2-3 oylik kurslarda tahsil olib, ma’lumotga ega bo‘ladi. O‘quv kursini tugatgach, o‘zlari tanlagan sohalari bo‘yicha o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yadi. Biz esa ularga ko‘maklashamiz, to‘g‘ri yo‘l va to‘g‘ri yo‘nalishni ko‘rsatamiz.
Ayni vaqtda markazda 515 tinglovchi, ikki smenada servis xizmati, texnik va qurilish sohasi, xorijiy tillar, raqamli texnologiya va boshqa kurslarda tahsil olayotgan bo‘lsa, bitiruvchilar 1263 nafardan oshib ketdi. Ularning 612 nafarining bandligi ta’minlandi. 77 nafari o‘z tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha ishga kirgan bo‘lsa, 500 nafari o‘z tanlagan sohalari bo‘yicha o‘z-o‘zini band etgan. 5 nafari yakka tartibdagi tadbirkorlik, qolganlari esa bankdan kredit va subsidiya olib faoliyat boshlagan.
– Aholining ishsiz va kasb-hunarsiz qatlamini o‘qitish, o‘zi xohlagandek kasb-hunar turini egallashi uchun markazimizda barcha sharoitlar mavjud, – deydi "NEYL-STILIST" yo‘nalishi bo‘yicha tajribali mutaxassis Niso Sirojiddinova. – Markazga Butun jahon sartaroshlar assotsiatsiyasi a’zosi, yaponiyalik sartarosh, stilist hamda O‘zbekiston sartaroshlar uyushmasi raisi Farhod Shomurodov tashrif buyurgandi. Ular sartaroshlik sirlarini mukammal o‘rganish istagida bo‘lgan yigit va qizlar uchun "Master-klass" tartibida mahorat darsini o‘tdi. Bu nafaqat menga, o‘quvchilarim uchun ham foydali bo‘ldi.
Markazda zargarlik kursi xam tashkil etilgan. Ushbu kursga hunarmand va zargar, Qoraqalpog‘istonlik Ra’no Eshimbetova rahbarlik qiladi.
Markazda tashkil etilgan, yuk ko‘tarish mashinalar operatori yo‘nalishi mutaxassislariga xorijiy davlatlarda ham talab katta.
– Bu yo‘nalishni tugatganlarni 6 nafari Rossiya davlatidagi qurilish tashkilotlarida faoliyat olib bormoqda, – deydi o‘qituvchi Baxtiyor Saydullayev. – Ish ham rag‘bat ham shunga yarasha. Ular o‘z tanlagan yo‘nalishidan xursand.
Bundan tashqari, markazda "Yosh bolalar uchun enaga tarbiyachi yordamchisi" yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kursi tashkil etilgan.
Monomarkazda talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda, ya’ni tikuvchilik, qandolatchilik, tarbiyachi yordamchisi, oshpaz, ayollar sartaroshi, payvandlovchi, elektrik, avtoelektrik, mebelsozlik yo‘nalishlarida o‘qiyotgan, ushbu kasblar sirini o‘rganayotganlar boshqa kasb-hunar turlarini o‘rganayotganlarga nisbatan ko‘p.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu markaz ishsiz va kasb-hunarsiz aholini kasb-hunarga o‘rgatibgina qolmay, tinglovchilar hayotida ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.
Shuhrat Suyarov, O‘zA