Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishga bayramga borgandek ketadi, uyga to‘yga kelgandek, shod qaytadi
15:26 / 2020-02-17

Bekzod aka navbatchilikdan chiqsa-da uyga shoshilmas edi.


Yangi uyda mehmon

Bekzod aka navbatchilikdan chiqsa-da uyga shoshilmas edi. Uyi tomon oyog‘i tortmayapti. Har safar shu ahvol. Ishdan chiqdi deguncha ko‘ngli g‘ash bo‘laveradi. Ruhan eziladi. Uyida uni mehribon ayoli, uch farzandi kutmoqda. Oilasidan ko‘ngli xotirjam. Lekin bir kemtiklik bor – uy muammosi...

10 sotixli hovlida bir-necha oila yashaydi. 46 jon shu hovlidagi katalekdek uylarda qimtinib yuradi. Erkaklari Bekzod aka kabi uyga borgisi yo‘q.

Nihoyat bu oila a’zolarining ko‘p yillik orzusi ushaldi. Nihoyat uy-joyga muhtoj oilalarga ham uy berila boshladi. Yana imtiyozli shartlar bilan, arzon narxlarda.

Bekzod aka ham baxtli oilalar safida poytaxtimizning Sergeli tumanidagi “Humo” mahalla fuqarolar yig‘inida qurilgan yangi uyning shinam xonadoniga ko‘chib o‘tdi.

Biz ana shu xonadonda mehmon bo‘ldik. Ijodiy jamoamizni xonadon egalari ochiq chehra bilan kutib oldi. Shu kunlarga yetkazgan Allohga shukr deyildi, oddiy aholi dardini o‘ylab yashayotgan Prezidentimizni alqab duo qilindi.

– Inson hayotda baxtli yashash uchun intiladi, – dedi Bekzod aka. –Turmushining farovon bo‘lishini, orzu-niyatlari ushalishini istaydi. Har birimiz bunga to‘la haqlimiz.

– O‘z uy-joyiga ega bo‘lish qanday yaxshi, – dedi xonadon bekasi Shohida opa. – O‘zim va erimning sog‘lig‘imiz yaxshi emasligi sabab, bir vaqtlar bunday uyni orzu qilishga ham qo‘rqar edim. Ikki yil oldin arzon narxlarda uy-joylar qurilayotganini eshitib, hokimlikka ariza bilan murojaat qildik. Oilaviy sharoitimiz o‘rganib chiqilib, bizni darhol arzon uy-joy bilan ta’minlashga ko‘rsatma berildi. Oradan ko‘p o‘tmadi, turmush o‘rtog‘im shoshib kelib, Shohida orzularimiz ushaladigan vaqt keldi shekilli, bizga uch xonali uy nasib qilibdi, deganida hayajonlanganimdan aqlim shoshib qolgan. Xabarni eshitib, uch kun tinimsiz yig‘laganman. Ilk marotaba ko‘chib kelgan paytlarimiz, ancha vaqtgacha o‘zimga kelolmaganman. Har kimning ham xotirjam yashashga imkon beradigan uyi bo‘lsa, ko‘ngli to‘q bo‘ladi, kelajakka ishonch bilan qaraydi. Men umrimning haqiqiy lahzalarini yashayapman. Uch farzandim bor. Hasan-Husanimizni mahalladagi sport to‘garagiga berganmiz. Biz oilamiz bilan hayotimizga yangilik olib kirgan, turmushimizni tubdan o‘zgartirib yuborgan baxtga erishganmiz. Ko‘rib turganingizdek, shinam va qulay uyda o‘zimiz uchun ham, farzandlarimiz uchun ham barcha sharoit muhayyo. Oilamiz bilan davlatimiz rahbari himoyasida ekanimizni his etib yashayapmiz. Bizga barcha imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilgan. Men bir baxtli ona sifatida davlatimiz rahbari nomiga ko‘p bora minnatdorlik maktubini jo‘natganman. Ilohim baxtimizga omon bo‘lsin.

Xayrlashar ekanmiz, Shohida opadan Bekzod akaning ishlari, kayfiyati haqida so‘radik.

– Erim ishga bayramga borgandek ketadi, uyga to‘yga kelgandek, shod qaytadi, – dedi opa.