Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish bandlik boshqarmasi tomonidan hududda mehnat va mehnatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi, hamda baxtsiz hodisalarning kelib chiqishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar tasdiqlangan.
Shu asosida joylarda Davlat mehnat inspeksiyasi mutaxassislari korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari hamda mutaxassislar, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini o‘rganadi. Shuningdek, baxtsiz hodisalar ko‘p sodir bo‘lgan tarmoqlar bilan mehnat muhofazasi, nogironlarni ijtimoiy himoyasi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi masalalari ham alohida e’tiborga olingan.
Ish jarayonida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi qoidalariga amal qilinishi yuzasidan monitoringlar olib boriladi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish choralari ko‘riladi. Mazkur holatlarning oldini olish maqsadida viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan OAVlari ishtirokida Yangiyo‘l shahrida reyd tadbiri tashkil etildi.
[gallery-27326]
Unda mas’ullar tomonidan mehnat xavfsizligi talablariga rioya etish nafaqat ish beruvchining majburiyati, balki ishchining ham hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishning asosiy sharti ekaniga e’tibor qaratdi. Ayniqsa, ko‘p qavatli qurilish ob’ektlarida xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish qonunbuzarliklarning oldini olishda hal qiluvchi omildir.
Reyd tadbirlari davomida ayrim qurilish ob’ektlarida ishchilarning norasmiy ishlayotgani aniqlandi. Ma’lumki, fuqaro ishga qabul qilingan kundan boshlab, hatto, bir kun ishlagan taqdirda ham, u qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi shart. Aks holda, bu mehnat qonunchiligining qo‘pol buzilishi hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan aniqlangan qariyb 4 ming nafar fuqaro rasmiy ishga joylashtirilgan. Bu raqamlar muammo ko‘lamini ham, uni bartaraf etish borasidagi amaliy choralarni ham yaqqol ko‘rsatadi.
Reydlar chog‘ida ishchilarning maxsus himoya bosh kiyimlarisiz va shaxsiy muhofaza vositalarisiz ish olib borayotgani kuzatildi. Aslida turli og‘irlikdagi qurilish materiallari har qanday vaqtda ishchining hayotiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Kaska va boshqa himoya vositalari yo‘qligi ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalar ehtimolini oshiradi.
Ish beruvchilardan biri Yusufjon Dehqonboyevni ta’kidlashicha, ishchilarga ish boshlash vaqtida maxsus kiyim-bosh va anjomlar berilgan. Biroq, amalda bu talablarga doimiy rioya etilmaydi. Umuman olganda amaldagi qonun-qoidalar bilan ishchilarni tanishtirish, hujjatlarga imzo qo‘ydirishning o‘zi yetarli emas. Mavjud tartib va talablarning bajarilishi qat’iy nazoratda bo‘lishi lozim.
– 2025 yil davomida viloyatda ishlab chiqarish bilan bog‘liq 70 dan ziyod baxtsiz hodisa qayd etilgan bo‘lib, ulardan 21 tasi o‘lim bilan yakunlangan, 44 tasi tan jarohati bilan yakun topgan, – deydi Mehnat muhofaza qilish bo‘yicha bosh davlat texnik inspektori Bekzod Qo‘chqarov. – Bunday holatlarda mansabdor shaxslarga jinoyat kodeksining 257-moddasiga asosan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi belgilangan. Bu esa mehnat muhofazasiga e’tiborsiz og‘ir huquqiy oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatadi.
Shuningdek, reyd davomida hududdagi yana bir tikuvchilik fabrikasida ishchilar sharoiti ko‘zdan kechirildi. Jarayonda 13 nafar xodim norasmiy faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu bo‘yicha korxona rahbariyati va ishchilarga huquqiy tushuntirishlar berildi. Ular bilan rasmiy ravishda ishga mehnat shartnomasi topshirildi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.