Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishchilarning ish haqi undirildi
15:54 / 2025-12-27

Sirdaryo viloyatida adliya organlari aralashuvi bilan Turizm boshqarmasi xodimlarining buzilgan mehnat huquqlari tiklandi.

Xususan, 2025 yilning yanvar–may oylarida ish haqi kam to‘langan 8 nafar xodimga jami 24 million 103 ming so‘mdan ortiq mablag‘ to‘liq undirib berilishi ta’minlandi.

— Ushbu holat Turizm boshqarmasi xodimlarining murojaati asosida viloyat adliya boshqarmasi xodimlari tomonidan qonuniy tartibda o‘rganib chiqildi, — deydi Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bobur Norbayev. — O‘rganishlar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 23 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan yo‘l xaritasi talablariga rioya etilmagani aniqlangan. 

Mazkur hujjatga muvofiq, Turizm qo‘mitasining nizomi tasdiqlanguniga qadar sohadagi xodimlarga mehnatga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi lozim edi. Biroq amalda ushbu tartib to‘liq ta’minlanmagan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25 avgustdagi qarori bilan turizm va madaniy meros organlari xodimlarining lavozim razryadlari belgilangan bo‘lsa-da, mazkur talablar ham amalda bajarilmagan. Bu esa xodimlarga ish haqining belgilangan miqdordan kam hisoblanishiga sabab bo‘ldi.

Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Turizm boshqarmasiga taqdimnoma kiritildi. Natijada ish haqi qayta hisoblab chiqildi va xodimlarga qonuniy tartibda to‘lab berilishi ta’minlandi.

G‘ulom Primov, O‘zA