Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishchilarga munosib mehnat sharoiti yaratish shart
18:55 / 2022-07-14

Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiya tomonidan “Munosib mehnat sharoitlarini yaratish – ish beruvchilarning burchi” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.

Turizm sohasida xizmat ko‘rsatuvchi va tadbirkorlik subekti rahbarlari, ish beruvchi korxonalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashgan tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov so‘zga chiqdi.

Ta’kidlanishicha, “Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi 144-sonli Konvensiyasi talablarini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 iyuldagi 553-sonli “Ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyalar to‘g‘risida” gi qarori qabul qilingan. Unga muvofiq komissiya tarkibi va uning asosiy vazifalari tasdiqlangan.

Seminar ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyalar ya’ni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va O‘zbekiston ish beruvchilari konfederatsiyasi tomonidan tashkil etilgan.

Maqsad xizmat ko‘rsatish sohasida vujudga kelayotgan baxtsiz hodisalarning asosiy sabab va omillari, shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasidagi korxona va tashkilotlarda munosib mehnat sharoitlarini yaratish orqali baxtsiz hodisalarni oldini olishdan iborat.

Respublika bo‘yicha xizmatlar sohasida 371,1 mingta korxona va tashkilotlar faoliyat yuritayotgan bo‘lib, shundan savdoda 170,9 ming tani, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohasida 31,1 ming tani, barcha turdagi mehmonxonalar 2,1 mingtani, madaniy meros ob’ektlari 8,2 mingtani va boshqa xizmat turlari 158,8 mingtani tashkil etadi.

Buxoro viloyati bo‘yicha xizmatlar sohasida 20 ming 931 ta korxona va tashkilotlar faoliyat yuritayotgan bo‘lib, shundan savdoda 9202 tani, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohasida 2447 tani, barcha turdagi mehmonxonalar 352 tani va madaniy meros ob’ektlari 829 tani tashkil etadi.

[gallery-7924]

– Ayrim korxona va tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish talablariga e’tiborsizlik va xodimlarga xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilmaganligi natijasida ishlab chiqarish bilan bog‘liq holdagi baxtsiz hodisalar soni ko‘payotganligi kuzatilmoqda, – dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov. –Respublikada 2021 yil davomida 810 ta sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar oqibatida 907 nafar xodim jabrlanib, shundan 238 nafar xodim halok bo‘lgan. Xizmat ko‘rsatish sohasida esa 2021 yil davomida sodir bo‘lgan 25 ta baxtsiz hodisalar oqibatida 15 nafar xodim halok bo‘lgan.

Buxoro viloyatida 2021 yilda 69 ta sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar oqibatida 87 nafar xodim jabrlanib, shundan 21 nafar xodim halok bo‘lgan. Xizmat ko‘rsatish sohasida esa 2021 yil davomida sodir bo‘lgan 5 ta baxtsiz hodisalar oqibatida 3 nafar xodim halok bo‘lgan.

Baxtsiz hodisalar sodir bo‘lishining asosiy sabablari ish beruvchi va xodimlar tomonidan xavfsizlik qoidalariga amal qilmaslik, nazorat o‘rnatilmaganligi, xodimlar xavfsiz mehnat uslub va usullariga o‘qitilmaganligi, shuningdek, ish joylari mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablariga javob bermasligi hisoblanadi.

Shu bilan birga xizmat ko‘rsatish sohasida ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilmaganligi sababli baxtsiz hodisalardan jabrlanganlarga ish beruvchilar tomonidan zarar pullarini belgilangan miqdor va muddatlarda to‘lab bermaslik holatlari mavjudligi fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida” gi qonunining 9-moddasida ob’ektlar va xizmatlarning qulayligi nogironligi bo‘lgan shaxslarning binolardan, inshootlardan, transportdan, axborotdan va aloqa vositalaridan, shuningdek aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlardan o‘zga fuqarolar bilan teng ravishda foydalanishi uchun sharoitlar yaratish yo‘li bilan ta’minlanishi belgilangan.

2021 yilda 2 ming 327 ta turizm va madaniy meros ob’ektlarida o‘tkazilgan monitoring natijalari bo‘yicha 1 ming 499 tasida sharoitlar (panduslar) mavjudligi va 26 ta ob’ektda panduslar yaratilishi shart emasligi hamda 802 ta ob’ektlarda sharoit yaratilmaganligi aniqlandi. Sharoit yaratilmagan ob’ektlar bo‘yicha ijrosi majburiy bo‘lgan 794 ta yozma ko‘rsatma va tavsiyalar berildi, shuningdek 7 ta holat bo‘yicha sudlarga davo arizalari kiritildi.

Seminarda xizmat ko‘rsatish sohasidagi korxona va tashkilotlarda munosib mehnat sharoitlarini yaratish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlardan o‘zga fuqarolar bilan teng ravishda foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish uchun qonunchilik talablari asosida mutaxassislarning taqdimotlari o‘tkazildi.

Yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga soha xodimlaridan batafsil javob oldi.

Zarif Komilov,

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA