English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishchi-xodimlar ijtimoiy muhofazasi doimiy e’tiborda
16:28 / 2022-05-04

“Aholi roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir” deb yurtboshimiz ta’kidlaganidek, har bir jabhada ularning farovonligi, yaxshi yashashi uchun harakatlar ko‘zga tashlanmoqda. Bu borada mamlakatimizning chekka hududida joylashgan “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Zavod rahbariyati va kasaba uyushmasi tomonidan tadbir uyushtirilib, jamoaning ishlab-chiqarish va jamoatchilik ishlarida faol qatnashayotgan 30 nafar ayolga “Faxriy yorliq” va bayram sovgʻalari, korxona xotin-qizlari orasida oʻtkazilgan sport musobaqalari gʻolibi boʻlgan 18 nafar ayolga qimmatbaho sovgʻalar tantanali ravishda topshirildi. Koʻp yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan ikki nafar onaxonga bayram sovgʻasi topshirilib, nafaqaga munosib kuzatildi. Bayram konsert dasturi namoyish etildi.

Xotin-qizlarning boʻsh vaqtini maroqli oʻtkazishlari uchun korxona hisobidan 25 nafariga Xoʻjayli tumanidagi “Nazlimxon suluv” ziyoratgohiga, Nukus shahridagi I.V. Savitskiy nomidagi sanʼat muzeyiga, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqa teatriga olib borildi. Ishchi-xodimlarning dam olish kunlarini maroqli oʻtkazish maqsadida korxona xodimlari uchun Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi. Ular uch kun davomida Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi, Xoʻja Doniyor maqbarasi, Shohi zinda maqbarasi, Hazrat Hizr majmuasi, Amir Temur maqbarasi, “Registon” maydonini ziyorat qildi.

Ishchi-xodimlar oʻrtasida sportni rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Jumladan, tuman miqyosida oʻtkazilib kelinayotgan turli musobaqalarda korxona jamoasi ham faol ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni egallamoqda. Yaqinda futbol boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi uchun tuman miqyosida oʻtkazilgan musobaqada “Elobod” shaharcha fuqarolar yigʻini jamoasi birinchi oʻrinni egallab, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichiga yoʻllanma oldi.

Mehnatsevar xodimlar va ularning oila aʼzolarining madaniy dam olishi uchun korxona rahbariyati va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan yoshlarni Vatanga sodiqlik, Qurolli kuchlar safida xizmat qilish tuygʻusini uygʻotish, Vatanga boʻlgan muhabbatini orttirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyi ashula va raqs ansamblining konsert dasturi namoyish etildi. Unda 300 nafar korxona xodimi va ularning oila aʼzolari ishtirok etdi. Dastur mehmonlari xalqimizning sevimli san'atkorlari va soʻz ustalari oʻzlarining chiqishlari bilan tomoshabinlarga zavq bagʻishladi.

Ramazon hayiti bayrami munosabati bilan zavod rahbariyati va kasaba uyushmasi tomonidan ehtiyojmand, nogironligi bor boʻlgan oilalar holidan xabar olindi. Bayram munosabati bilan korxonaning 30 nafar xodimining Toshkent shahriga sayohati tashkil etildi.

Tinch yurtga bayramlar yarashadi. Hamisha har kunimiz bayramdek oʻtishini, xalqimizning farovonligi yoʻlida xizmat qilishni oʻzlariga shior qilgan “Qoʻngʻirot soda zavodi” korxona rahbariyati tomonidan ishchi-xodimlar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy muhofazasi doimiy eʼtiborda boʻlib kelmoqda.

Dovud ABIBULLAEV,

OʻzA muxbiri